Surxondaryodagi portlashda ko‘chmas mulkka qancha zarar yetgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

2021 yilning 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 226 ta ko‘chmas mulkka 22,6 mlrd so‘mlik zarar yetgan. Bu haqda bugun, 8 yanvar kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi.

O‘lmas Muzaffarovga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 kishi vafot etgan, 9 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. Talofat ko‘rgan binolarning 25 tasi yaroqsiz deb topilgan, shundan 13 ta xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, uylari ta’mirlab berilmoqda.

“140 ta turar joyga, ya’ni, 76 ta hovli uylari, 5 ta ko‘p qavatli uylarning 64 ta xonadoni, 86 ta noturar joylar, umumiy hisobda 226 ta imoratga ziyon yetgan. Talofat ko‘rgan 25 ta bino, jumladan, 13 ta turar va 12 ta noturar joy yaroqsiz holga kelgan”, dedi polkovnik.

Ta’kidlanishicha, mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan hodisa oqibatida yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilgan. Unga ko‘ra, 226 ta ko‘chmas mulk ob’ektlariga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 mlrd so‘mga baholangan. Shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

“Yetkazilgan zararni qoplash ishlari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkillashtirilmoqda”, dedi ma’sul.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo portlash Denov

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing