Surxondaryodagi Xatak g‘orida neandertal odam yashagan makon topildi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi Xatak bo‘limi Bog‘li dara massivida miloddan avvalgi 100−40 ming yillikka oid neandertal odam makoni topildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xatak g‘ori 2021 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi doktoranti Xoliyor Oynazarov tomonidan petrogliflarni qidirish jarayonida topilgan. 

Yodgorlikda o‘rganish va dastlabki qazishmalar 2022 yil iyun oyida olib borilgan. Qazishma davomida vertikal qoyaning yuzasida 15−20 metr balandlikda hosil bo‘lgan va kirish juda qiyin bo‘lgan ushbu g‘orda tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari bilan birga 100−60 ming yil oldin yashagan neandertal odam hayotining to‘liq va buzilmagan manzarasi (kul, dumaloq o‘choq qoldiqlari) saqlanib qolganligi aniqlangan.

“Bu noyob arxeologik yodgorlik kelajak uchun saqlanishi kerak. Buning uchun esa Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida Xatak g‘ori arxeologik muzeyini tashkil etish lozim. O‘z navbatida g‘orga kirish joyini shisha oyna yoki temir panjara bilan to‘sish, bu yerda yashagan qadimgi odamlarning palinologiya, paleogeografiya va ehtimol saqlanib qolgan genetik merosini o‘rganish maqsadida g‘orning madaniy qatlamini zamonaviy usullar orqali o‘rganish, neandertal odamining ibtidoiy hayoti bilan tanishish uchun kelgan sayyohlar hamda Xatak arxeologiya muzeyiga tashrif buyuruvchilar uchun g‘or oldiga to‘siqlar bilan o‘ralgan va zinapoyalar bilan jihozlangan baland yog‘och yoki metall maydoncha qurish zarur”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1013

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing