Surxondaryoda shifoxonadagi ayol tergovga olib ketilganiga izoh berildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumani prokurori shifoxonada yotgan ayolni so‘roqqa chaqirgani haqida videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, Tez tibbiy yordam Boysun tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i K.A. va katta hamshira G.R. 2019-2022 yillarda o‘zlarining ixtiyorida bo‘lgan jami 220,7 mln so‘m ish haqini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 10 iyun kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limi tomonidan ularga nisbatan O‘zbekicton Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan G.R. sog‘lig‘i yomonlashganligini ro‘kach qilib, 2023 yil 3 avgust kuni soat 15:30 da tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shu kuni birlashmaning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vrach-reanimatolog tomonidan G.R.ga nevroz sirkulyator distoniya aralash turi hamda astenonevrotik sindromi kabi tashxislari qo‘yilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan.

Shundan so‘ng 4 avgust kuni Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vrach-nevropotologi tomonidan G.R. ko‘rikdan o‘tkazilib, uning umumiy ahvoli qoniqarli deb topilgan va unda biror-bir potologik reflekslar kasalligi aniqlanmagan. 5 avgust kuni soat 16:45 da G.R.ning sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lganligi sababli uyiga javob berilgan.

Tergov davomida, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi sababli ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan.

“G.R.ning kasal holida so‘roq qilish tergov harakatiga jalb etish uchun tuman prokuraturasiga olib borilgani holati rad etiladi. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo tergov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing