Surxondaryoda qo‘shnisining qiziga uyatsiz qiliqlar qilgan erkak qamoqqa olindi
3-sahifa
−
12 avgust
8031Surxondaryo viloyatida 32 yoshli erkak qo‘shnisining 10 yoshli qiziga uyatsiz qiliqlar qilib, uning jinsiy daxlsizligiga tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 3 iyun kuni 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. ismli erkak qo‘shnisining 10 yashar qizi D.A.ga, uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, uyatsiz qiliqlar qilib, uning jinsiy daxlsizligiga tahdid qilgan. Qizning onasi Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yo‘llangan murojaatida B.Sh. voyaga yetmagan qiziga agar bo‘lgan holatni kimgadir aytadigan bo‘lsa, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitgani, B.Sh. ayolning uyiga kirganida qilgan ishlarini qizi videotasvirga tushirib olgani, bu holat yuzasidan tergov organlariga xabar bergani, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganini bildirib, farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan.
Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan joriy yilning 7 iyul kuni B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 26 iyul kuni esa ayblanuvchi B.Sh.ga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Namangan tumanida 70 ga yaqinlashgan chol 7 yashar qizga uyatsiz, buzuq harakat qilgani haqida xabar berilgandi.