Surxondaryoda fuqarolar uyida kobra saqlab kelgani aniqlandi
3-sahifa
−
15 iyul 21350 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatida fuqarolar noqonuniy ravishda ilon saqlab kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 6 bosh O‘rta Osiyo kobrasi va 17 bosh sharq bo‘g‘ma iloni jami 23 bosh ilon tabiatga qaytarilgan.
Mazkur ilonlar o‘tkazilgan reydlar davomida aniqlangan. Ular fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlab kelinayotgan bo‘lgan va olib qo‘yilib, Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan. Shundan so‘ng, Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining ilmiy xulosasi asosida ilonlar “Surxon” davlat qo‘riqxonasining Kampirtepa, Sherjon va Sholkon hududlariga qo‘yib yuborilgan.
Ma’lumot uchun, O‘rta Osiyo kobrasi va Sharq bo‘g‘ma iloni zaifga yaqin, mozaik tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES’ning II ilovasiga kiritilgan. Qizil kitobdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo kobrasi hozirda ayrim yashash joylarida butunlay yo‘q bo‘lib ketgan, qolganlarida esa soni kam uchraydi. Sharq bo‘g‘ma ilonining soni haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida Qizil kitobga kiritilgan 15 dona ilonni boshqa mamlakatga yashirincha olib o‘tishga urinish holatiga chek qo‘yilgandi.