Surxondaryoda bolalarning toshloq yo‘l va qiyalikdan maktabga qatnayotgani aytildi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bolalarning maktabga toshli, qiyalik yo‘ldan qatnayotgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat hokimligi mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, "Karsh" mahallasi Sariosiyo tumani markazidan qariyb 70 kilometr uzoqlikda, tog‘li hududda joylashgan. 91 ta xonadonda 487 nafar fuqaro yashaydi. Mahalladagi 80 o‘rinli maktab 2018 yilda qurilgan va hozirda barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, 2022-2023 yillar davomida mahallaga transport borishi uchun 11 kilometr masofada tog‘li hudud orqali yangi yo‘l ochilgan. Mahallaning 5 kilometr ichki yo‘llari toshlanib, ta’mirlangan. Videodagi ichki yo‘lda noqonuniy qurilmalar sababli ta’mirlash ishlari bajarilmay qolib ketgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, viloyat hokimining ko‘rsatmasi bilan «Karsh» mahallasidagi maktabga boruvchi ichki yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Yo‘ldagi qor erigach, ta’mirlash ishlari boshlanadi.

"Holat viloyat hokimi tomonidan tashvishli qabul qilindi va muammoni darhol o‘rganib, yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘rsatmasi berildi. Shu o‘rinda Surxondaryoning olis, tog‘li hududidagi yo‘l muammosini olib chiqib, bolalar ta’limiga e’tiborsiz bo‘lmagan barchaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz", deyiladi hokimiyat izohida.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing