Surxondaryoda ayollar vazir o‘rinbosarining sharafiga terimga jalb qilindi (audio)
Jamiyat
−
07 Oktabr 2025 11769 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga ilova qilgan audioyozuvlarda hokim o‘rinbosari har bir xotin-qizlar faolidan kamida 2 nafar ayolni o‘zi bilan birga paxta terimiga olib chiqishni talab qilganini eshitish mumkin.
“Ertaga ertalab hamma soat 7 dan har bir faol o‘zi bilan birga kamida 2 nafardan terimchi ayollarni olib, dalaga borishi kerak. Shahar mahallalari olib chiqadigan xotin-qizlar bilan soat 6:30 da ko‘rishamiz. Avtobus shu yerda bo‘ladi. Ertalab 6:30 da paxtaga chiqqan bo‘lishi kerak. Soat 9:00 da Mahkamova keladigan bo‘lyapti. Shungacha biz tayyorlab, tozalab, terimchilar dalaga tushib ketgan bo‘lishi kerak.
Men olib kelmadim, meni ishim chiqib qoldi, degan narsani qilmanglar. Bosh vazir o‘rinbosari Mahkamova kelyapti, xazil o‘ynamanglar. Hamma jiddiy, vijdonan yondashingizlar. Hamma ertalab kelib, aytilgan narsalar bilan birgalikda ishlarni tashkil qilasizlar. Soat 7 da hamma dalada bo‘lishi kerak, kechikib 8 da sudralib yurmanglar”, deydi Nigora Jumayeva.
Ushbu holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi munosabat bildirib, paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ularning “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.
Hokimlikka ko‘ra, joriy yilning 22 sentyabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurib, u yerda “Ayollar bandligini ta’minlash, ishsizlikdan holi hududga aylantirish” borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan.
Tashrif doirasida Munchoqtepa mahallasidagi “Munchoqtepa istiqboli” fermer xo‘jaligida “Mehnatim – faxrim” nomli tadbir tashkil etilgan. Tadbirda xotin-qizlar faollari bilan bir qatorda terimda ishtirok etayotgan ayollar ham qatnashgan. Ular ixtiyoriylik asosida tadbirda ishtirok etishi belgilangan.
“Audioyozuvda Jumayeva tomonidan mahalla faollariga tadbirni mas’uliyat bilan tashkil etish hamda paxta terimida faol ishtirok etayotgan ko‘ngilli ayollarning belgilangan vaqtda dalada bo‘lishini ta’minlash haqida topshiriq berilgani aks etgan. Biroq ushbu topshiriqni majburiy mehnat sifatida talqin etish mutlaqo asossiz”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi joriy yilning 10-20 sentyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring davomida 11 holatda mehnat qonunchiligi buzilishi aniqlanib, mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ga asosan javobgarlik choralar belgilangani, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 3 nafar mansabdor shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-modda (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismiga ko‘ra chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi