Surxondaryoda 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi
3-sahifa
−
03 noyabr 2023
3253Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilishga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlarda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Xususan:
- mil. avv. V–I asrlarga oid “Tallagan tepa” yodgorligining 40 m2 qismi kesib olinib, avtomobil yo‘li o‘tkazilishi oqibatida 888 mln so‘mlik;
- V–VIII asrlarga oid “G‘o‘rintepa” yodgorligining 200 m2 qismi buzilib, uy-joylar qurib yuborilishi oqibatida 4,7 mlrd so‘mlik;
- I–IV asrlarga oid “Xushvaqtepa” yodgorligining 12 m2 qismi kesib olinib, hojatxona qurilganligi oqibatida 266 mln so‘mlik;
- V–VII asrlarga oid “Toshtepa” yodgorligining 56 m2 tuproqlari kesib olinib, molxona qurilganligi oqibatida 1,2 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi