Surxondaryoda 1 tonnadan ortiq iste’molga yaroqsiz go‘sht aniqlandi
3-sahifa
−
10 may
3898Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reydda iste’molga yaroqsiz 1015 kilogramm mol go‘shti aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Darband” YPX maskanida Surxondaryo viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
Unda Denov – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan 24 yoshli M.Sh. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib, yukxonasi tekshirilganida biror-bir tegishli veterinariya hujjatlarisiz 140 kilogramm yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani aniqlangan.
Shuningdek, 8 may kuniga o‘tar kechasi soat 02:30 larda shu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan 24 yoshli A.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda, hech qanday veterinariya hujjatlarisiz 475 kilogramm yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Aynan shu maskanda reyd tadbiri davom ettirilib, soat 02:50 larda Sho‘rchi – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan 27 yoshli N.J. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda, tegishli veterinariya hujjatlarisiz 400 kilogramm yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani aniqlangan.
Yuqorida aniqlangan holatlar bo‘yicha go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqli yoki yaroqsiz ekanini tekshirish maqsadida, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasiga taqdim etilganida, iste’molga yaroqsiz ekani aniqlanib, go‘sht egalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va go‘sht mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
LiveBarchasi