Surxondaryoda hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
16:19 5946 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatida hokimlik zaxirasidagi yerni ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan hokim o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, hokimlik zaxirasida bo‘lgan 9 gektar yer maydonini Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 30 mln so‘m olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 60 mln so‘mni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 12 ming AQSH dollari so‘ragan shaxs ushlangandi.
Live
Barchasi