Surxondaryo va Namanganda mansabdorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
12:47 5843 2 daqiqa
Surxondaryo va Namangan viloyatlarida tezkor xodim, bo‘lim boshlig‘i va yuriskonsult pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor xodimi noqonuniy tarzda fuqarodan 400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu tezkor vakil xizmat mavqeidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning 20 ming AQSH dollarini deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari yordamida “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 25,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, viloyatdagi tumanlardan birining Kadastr bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga tegishli oziq-ovqat do‘konining tashqi tomoniga qurilgan bostirma (naves) uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 mln so‘m talab qilib, 3 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Namangan bo‘linmasi Kosonsoy tumani yuriskonsulti mahalliy fuqarodan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
U o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida fuqaro o‘zining yashash xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi holati aniqlangani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomaga asosan chiqarilgan 28,6 mln so‘m jarimani elektron tizimga kiritmasdan bartaraf etishni va’da qilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Live
Barchasi