Surxondaryodagi paxta dalasiga yana ikkita afg‘on harbiy vertolyoti qo‘ndi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning yana ikkita harbiy vertolyoti O‘zbekiston hududiga kirgani aks etgan videolavhalar tarqalmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu vertolyotlar paxta dalasiga qo‘ngan. Videolavhada havo transporti ichida jami 20 dan oshiq afg‘onistonlik uchuvchi harbiy borligini ko‘rish mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura O‘zbekiston Respublikasining havo hududi chegarasidan 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyot joriy yilning 14-15 avgust kunlari noqonuniy o‘tgani haqida ma’lum qilgan. Ularning ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Balki, ushbu videolavhada aks etgan ikki vertolyot o‘sha 24 ta vertolyot safidadir.

Bundan tashqari, kecha, 15 avgust kuni Qarshi shahridagi “Xonobod” aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘oniston Islom Respublikasining 3 ta “EMBRAYER-314” rusumli harbiy samolyoti O‘zbekiston tomonidan Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilgan. Shu bilan birga, ular O‘zbekiston Respublikasining 2 ta “MIG-29” rusumli harbiy samolyoti kuzatuviga olingan. 

Lekin, kuzatuv davomida “EMBRAYER-314” va “MIG-29” rusumli samolyotlar to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushgan.

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Boshqaruvsiz qolgan Afg‘oniston harbiylari mamlakatdan qochishga harakat qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1785

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing