Suriyaning yangi valyutasida surat va ramzlar bo‘lmaydi – MB raisi
Olam
−
10 Oktabr 2025 3783 2 daqiqa
Suriyada milliy valyuta modernizatsiya qilinib, tasvirlar va ramzlar bo‘lmagan oltita yangi turdagi banknotlar seriyasi muomalaga chiqariladi. Bu haqda joriy yilning 8 oktyabr kuni Suriya Markaziy banki raisi Abdulqodir Xusariye SANA’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xusariyega ko‘ra, yangi banknotlar turli o‘lchamlarda – kichik, o‘rta va yirik shakllarda bo‘ladi. Suriya milliy valyutasini zamonaviylashtirish doirasida tasvirlar va ramzlarsiz oltita yangi banknota seriyasi chiqariladi.
“Yangi banknotalar ularni tekshirishni osonlashtiradigan tarzda ishlab chiqilgan va xalqaro standartlarga mos keladi”, deyiladi xabarda.
Bosib chiqarish va tarqatish jarayoni yakunlangach, banknotalar haqidagi barcha tafsilotlar e’lon qilinadi. Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, yangi banknotalar muomaladagi eskirgan pullarning o‘rnini egallaydi, biroq umumiy pul massasini oshirmaydi.
“Bu – modernizatsiya yo‘lidagi qadam. U pul massasini kengaytirishga emas, balki pul bozoridagi likvidlikni tartibga solish va narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan maqsadli pul-kredit siyosatining bir qismidir. Biz bu siyosatni amalda tatbiq etamiz”, deydi Abdulqodir Xusariye.
Qayd etish joiz, 2024 yilda Suriyada hokimiyat almashinuvi yuz bergandi. O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida muxolifatning qurolli otryadlari Suriya armiyasi pozitsiyalariga hujum boshladi, mamlakatning ikkinchi muhim shahri Halabni egalladi va 8 dekabr kuni Damashqqa kirdi. Bashar Asad prezidentlik vakolatlarini topshirdi va mamlakatni tark etdi. Yangi Suriya ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvarida o‘tish davri prezidenti sifatida e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning muvaqqat hukumati denominatsiyalangan milliy valyutadagi banknotlarni muomalaga chiqarishni rejalashtirayotgani va ularni Rossiyaning “Goznak” kompaniyasi chop etishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.