Suriyadan 98 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi

Jamiyat

Hozirda Yaqin Sharqdagi Suriya va Iroq davlatlarida notinchlik va jangovar harakatlar davom etmoqda. O‘zbekiston o‘zga yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolgan, yot g‘oyalar ta’sirida xorijga chiqib, turmush o‘rtoqlari, ota-onalaridan ayrilib qolgan vatandoshlarning qadr-qimmati va manfaatlarini himoya qilib, ularni Vatanga qaytarish uchun maxsus operatsiyalar o‘tkazyapti.

Bugun, 8 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirilib, urush harakatlari davom etayotgan hududlardan 98 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 25 nafar ayol va 73 nafar bola Vatanga qaytarildi. Qayd etish joizki, Suriyadan olib kelingan 73 nafar begunoh bolaning 14 nafari chin yetimlardir.

Samolyot zinalaridan xodimlar yordamida ko‘zlarida yosh bilan tushib kelayotgan onaxon Vatan tuprog‘iga qadam qo‘yganidan so‘ng, cheksiz shukronalik bilan o‘z hissiyotlarini yig‘lab bo‘lishdi. Onaxon so‘zi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytib, bu kunlarni o‘n yildan beri kutganini ta’kidladi.


“Prezidentimizning g‘amxo‘rligi, mehribonligiga kattadan katta rahmat. Robbim Prezidentimizni mana shunday yetimlarga g‘amxo‘rlik qilib, qarilarga mehr-oqibat ko‘rsatgani uchun jannat ne’matlaridan risqlantirsin. U insonni yurtimizga rahbar bo‘lganiga beadad shukrlar bo‘lsin. Ilohim Prezidentimizni mana shunday xatarli, bombalar otilib turgan joylarga samolyotlarni, shunday insonlarni jo‘natganiga, ular ham xizmatimizda bo‘lgani uchun qadamlariga hasanotlar yog‘ilsin. Prezidentimiz mana shu yurtlarda Islom diyorini rivojlantiribdilar. Men Vatanimga kelishga o‘n yildan beri zor edim. Alhamdililloh, mana shunday insonning sharofati bilan yurtimga kelganimga shukr”, deydi onaxon.

 


U so‘zida davom etar ekan, ayollar ikki yildan beri asirlikda ekanini, faqatgina Suriyada emas, Iroq taraflarda ham yig‘lab qolgan o‘zbek ayollari borligini aytib, Prezidentdan ularni ham Vatanga qaytarib olib kelishni iltimos qildi.

“Muslima ayollarimiz ikki yildan beri asirlikda. Ular yig‘laganicha qoldi. Prezidentimizga iltimos qilamiz, o‘shalarni ham olib kelsalar, shu o‘zbek ayollarimiz ham xursand bo‘ladi. Faqatgina Suriyada emas, Iroq taraflarda ham bor, muslimalarimiz. Yurtim tuprog‘iga ozod inson bo‘lib qadam qo‘yganimga shukrlar qilaman. Asirlikdan qutqarganlari uchun Prezidentimizga kattadan katta rahmatlar aytaman. Men duodaman, Alloh shu insonga ulug‘lik libosini kiydirsin. O‘sha yurtlardagi hamma-hamma mo‘minalarimiz ham doim duoda. Biz sizlarni mana bir yildirki, duo qilib kutayotgandik. Alhamdulilloh, bizga nasib qildi. Ular xafa bo‘lib qolishdi”, deya iltimos qildi onaxon.


Suriyaning “qaynoq nuqtalari”dan qaytgan ayollardan biriga mikrofon tutib, undan Suriyadagi vaziyat, ayollarga bo‘lgan munosabat haqida so‘radik. Ayol hozir kayfiyati yaxshiligini, bo‘lgan voqealarni eslasa, ruhiy holatiga ta’sir qilishini ta’kidladi.

“Vatanga yetib kelganim uchun kayfiyatim ko‘tarilgan. U kunlarni eslasam yana ruhiy holatimga salbiy ta’sir qiladi. Uch nafar farzandim bor. Ular har xil joylarda tug‘ilishgan. Bu kunlarni ko‘p kutdik. Mana shu kutganlarimiz bugun amalga oshdi”, deydi ayol.


Suriyadan olib kelingan yurtdoshlarni kutib olishda ishtirok etgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov qiyinchilik ustida turganlarni Vatanga olib kelish ulkan savob ekanligini ta’kidladi.

“Bugun “Mehr” operatsiyasi ustida turibmiz. Albatta, inson uchun eng buyuk va muqaddas joy uning Vatanidir. Vatanga olib kelinayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib turibmiz. Ayni urush bo‘layotgan joylarda, qiyinchilik va mashaqqat ustida turgan yurtdoshlarimiz ham bizning vatandoshlar. Shaxsan Prezidentimizning torshiriqlari bilan 73 nafar bola va 25 nafar ayolning olib kelinganini ko‘rib turibmiz. Guvoh bo‘lib turganimizdek, kelganlarning ba’zilari ko‘zida yosh bilan zamin o‘pib, sajda qilmoqda. Mana shunday qiyinchilik ustida turganlarni Vatanga olib kelish – bu ulkan savob. Kelgan bolalar ichida o‘n to‘rt nafari chin yetim. Na otasi, na onasi bor. Shu ishlarga bosh bo‘lgan va amalga oshirganlarga Allohdan ajr so‘rab qolamiz”, deydi Toshkent shahar bosh imom xatibi.


Suriyadan operatsiya doirasida olib kelinganlar endilikda sog‘lomlashtirish muassasalariga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim kechak bilan ta’minlanadi. Mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshiriladi. Kelgusida ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga to‘laqonli ijtimoiy moslashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Suriya Arab Respublikasiga tashrif buyurib, ushbu mamlakatda qiyin ahvolga tushib qolgan mamlakat fuqarolari, ayollar va bolalarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha navbatdagi aksiyaning tashkiliy masalalarini o‘rgangandi.

Eslatib o‘tamiz, “Mehr” operatsiyasi ilk marta 2019 yilning may oyida o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan Vatanga qaytarilgan. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingan.

Shuningdek, “Mehr-2” operatsiyasi o‘tgan yilning oktyabr muvaffaqqiyatli yakunlangan. 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingandi. Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda ona Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og‘ir sharoitda yashayotgan edi.

“Mehr-2” insonparvarlik amaliyoti doirasida olib kelingan 39 o‘g‘il va 25 qiz bolaning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan jajji bola bor edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

“Mehr”

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing