Suriyada janglar kuchaydi. ISHID bolalarni “tirik qalqon” qilyapti

Olam

image
0:00
0:00
download

ISHID terrorchilik guruhi jangarilari Suriya shimoli-sharqidagi Al-Hasaka shahridagi janglarda 700 nafargacha voyaga yetmagan bolalardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda. Bu haqda “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) alyansi axborot markazi xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Al-Hasaka shahrida SDF’ning kurd-arab qurolli guruhlari va 20 yanvar kuni 5000 ga yaqin terrorchi saqlanayotgan qamoqxonaga bostirib kirishga uringan ISHID jangarilari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Bayonotga ko‘ra, ISHID tomonidan tirik qalqon sifatida foydalanilgan bolalar ushbu guruhning o‘smir jangarilaridir. Hibsga olingandan keyin ular qamoqxona hududidagi maxsus reabilitatsiya markazida bo‘lgan. 

“ISHIDning “Guyran/Sinaa” qamoqxonasiga u yerda saqlanayotgan terrorchilarni ozod qilish uchun uyushtirgan hujumidan keyin uch kun ichida SDF yo‘lidagi asosiy to‘siq terrorchilarning bolalardan foydalanishi bo‘ldi”, deyiladi xabarda. 

Hibsga olingan bir qator terrorchilarning iqroriga ko‘ra, qamoqxonaga bostirib kirishda 200 nafar o‘limga hukm qilingan terrorchi ishtirok etgan. Ularning aytishicha, qamoqxona majmuasini qo‘lga olishga tayyorgarlik olti oy davomida olib borilgan.

Qayd etilishicha, Al-Hasaka qamoqxonasiga tutash hududda va qamoqxona majmuasining o‘zida terrorchilarni yo‘q qilish amaliyotida 10 ming SDF jangchisi, shuningdek, “Asaish” xavfsizlik kuchlari ishtirok etmoqda. 

Hujjatga ko‘ra, ayni paytda 175 nafar ISHID terrorchisi yo‘q qilingan. Ular orasida qamoqxonaga bostirib kirishga uringanlar ham, undan qochishni kutganlar ham bor. Terrorchilar bilan janglarda SDF’ning 27 nafar jangchisi halok bo‘lgan.

Kurd qurolli kuchlari AQSH harbiylari ko‘magida Al-Hasaka va Raqqa viloyatlarining aksar qismini, shuningdek, Halab va Dayr-az-Zor viloyatlaridagi ayrim aholi punktlarini nazorat qilmoqda. Jumladan, Al-Hasaka va Al-Qamishli shaharlaridagi aksariyat mahallalar ularning nazorati ostida. Ta’kidlanishicha, rasmiy Damashq Suriya shimoli-sharqidagi muxtoriyat boshqaruvini tan olmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya IShID jang

Baholaganlar

582

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing