Suriyada yonilg‘i narxi keskin oshdi: aholi bosh ko‘tardi (video)
Olam
−
19:28 265 2 daqiqa
Suriyada dizel narxi 40 foizga oshirilishi mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi va bu Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan beri eng keng ko‘lamli namoyishlarga aylandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Suriya hukumati joriy yilning 12 avgust kuni dizel narxini 40 foizga oshirib, bir litrini 175 Suriya funtiga (1,32 dollar) yetkazgan. Shundan so‘ng, namoyishchilar avtomobil shinalarini yoqib, muhim yo‘llarni, jumladan, poytaxt Damashqni mamlakatning sanoat markazi Halab bilan bog‘lovchi avtomagistralni to‘sib qo‘ygan.
Noroziliklar mamlakatda yillar davom etgan iqtisodiy inqiroz fonida yuz bergan. BMT Taraqqiyot dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, suriyaliklarning 90 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi. Fuqarolar urushi boshlangan 2011 yilgacha esa bu ko‘rsatkich qariyb uchdan bir qismni tashkil etgan.
Hukumat, shuningdek, maishiy va sanoat gaz narxlarini qariyb 9 foizga, 95 oktanli benzin narxini 28 foizga oshirib, 195 funtga, 90 oktanli benzin narxini esa 26 foizga oshirib, 185 funtga yetkazgan.
Namoyishchilar neftni qayta ishlash zavodlariga yo‘l olgan xom neft tashuvchi sisternalar karvonlarini ham to‘sib qo‘ygan. Ayrim norozilar Energetika va Iqtisodiyot vazirliklari rahbarlari hamda Suriya neft kompaniyasi rahbarining iste’fosini talab qilgan.
Halabdagi namoyishchilardan biri Yosir Salim “Reuters”ga bergan intervyusida odamlar ish haqining oshirilishini emas, dizel va boshqa yoqilg‘i narxlarining pasaytirilishini istayotganini aytgan.
Suriya Energetika vazirligi vakili Abdulhamid Salatning ma’lum qilishicha, narxlarning oshirilishi vaqtinchalik chora bo‘lib, bunga jahon bozoridagi xarajatlarning ortishi va mamlakatning importga kuchli qaramligi sabab bo‘lgan. Uning aytishicha, sharoit o‘zgargan taqdirda narxlar yana ko‘rib chiqilishi mumkin.
Suriya joriy yilda Rossiyadan kuniga qariyb 60 ming barrel xom neft import qilgan. Biroq Ukrainadagi hujumlar Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatib, ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan va Moskva benzin hamda dizel eksportini cheklagan.
Narxlarning so‘nggi oshishi natijasida 95 oktanli benzin fevral oyidan beri qariyb 86 foizga, dizel esa ikki baravardan ko‘proqqa qimmatlagan. Shu davrda Brent markali neft narxi ham 44 foizga oshib, bir barrel uchun 72,48 dollardan 104,61 dollargacha ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning Idlib viloyatidagi Sarmada shahri yaqinida qurol-yarog‘ va urushdan qolgan portlovchi vositalar vaqtincha saqlanadigan omborda portlash sodir bo‘lgani haqida e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi