Suriyada minglab odamlarni o‘limga hukm qilgan sudya hibsga olindi

Olam

image

Suriyaning muvaqqat hukumat kuchlari sobiq harbiy sudya Muhammad Kanjo Hasanni hibsga oldi. U Bashar Asad rejimi davrida mashhur Saydnaya qamoqxonasida mahbuslarni o‘limga hukm qilgan. Bu haqda Suriya inson huquqlarini himoya qilish nodavlat tashkilotiga (SOHR) tayanib, “Euronews” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Kanjo Hasan Tartus viloyatida Asad klanining asosiy hududlaridan birida 20 nafar hamrohi bilan birga qo‘lga olingan. U Saydnaya qamoqxonasidagi mahbuslarga minglab hukmlar, jumladan, o‘lim hukmlarini chiqargan. Muhammad Kanjo Hasanni qo‘lga tushirish amaliyoti davomida 17 kishi halok bo‘lgan, shundan 3 nafari sobiq tuzum va 14 nafari yangi hukumat odamlari bo‘lgan.

Saydnaya qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha uyushma (ADMSP) asoschilaridan biri Diab Serriyaning ma’lum qilishicha, Kanjo Hasan 2011 yildan 2014 yilgacha Suriyadagi fuqarolar urushi boshlangan dastlabki uch yil davomida Suriya harbiy dala sudiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik u Suriyaning butun harbiy adliya tizimi boshlig‘i lavozimiga ko‘tarilgan. Serriyaning bildirishicha, Kanjo Hasan minglab odamlarni “bir necha daqiqa”  davom etgan sud jarayonlarida o‘limga hukm qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning “Oq dubulg‘alilar” deb nomlanuvchi fuqarolik mudofaasi guruhi mamlakatdagi mashhur Saydnaya qamoqxonasida saqlanib kelgan va omon qolgan odamlarning yashirin yerosti kameralarida saqlanayotgani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Saydnaya Muhammad Kanjo Hasan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing