O‘zbek brendlari Suriyani qayta quradi

Biznes

Joriy yilning 13 fevral kuni tinchilik va barqarorlik sari dadil qadam tashlayotgan zamonaviy Suriya – qadim Shom o‘lkasidan kelgan 30 dan ortiq hukumat vakillari va tadbirkorlardan iborat delegatsiya “Qubbat-ul Islom” – Islom gumbazi deya e’zozlangan ko‘hna Buxoroga keldi.

Ular qishloq xo‘jaligi, tekstil va elektrotexnika sohalariga katta qiziqish bildirmoqda. Suriya bugun qayta tiklanish bosqichida. Delegatsiya vakillari o‘zbekistonlik tadbirkorlarni mamlakatni qayta qurish tashabbuslarida faol hamkorlikka chorlamoqda.

Tashrifning birinchi manzili “Made in Uzbekistan” O‘zbekiston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘ldi. Tashrif doirasida mehmonlar “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Lattico” brendi hamda barakali av ishonchli “Artel” korxonasi faoliyati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Bu yerda suriyalik tadbirkorlar ishlab chiqarish jarayonlari, eksport salohiyati va texnologik imkoniyatlar bilan tanishdi. Qolaversa, hamkorlik masalalari va mahsulotlarni Suriyaga import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. 

Ushbu tarixiy safar davomida biz delegatsiyaga rahbarlik qilayotgan Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti A’la Umar al-Alini suhbatga tortib, noldan qayta tiklanayotgan O‘zbekiston va Suriya munosabatlari, xususan savdo masalalarida qanday muammolar borligi bilan qiziqdik. 

“Hozircha hech qanday muammo yo‘q, faqat bitta masala bo‘lishi mumkin – bu logistika, ya’ni ayrim masofalarga yuk tashish bilan bog‘liq masala. Ehtimol, har ikki tomondan tovarlarni tashishni yengillashtirish mumkin bo‘lar. Shunday integratsiyalashgan tovar ayirboshlash yo‘lga qo‘yilsa, har ikki davlat ham bundan foyda ko‘radi. Savdo almashinuvi, tajriba almashish, shuningdek bojxona to‘lovlarini kamaytirish, hatto nol darajagacha tushirish orqali transport xarajatlarini arzonlashtirish mumkin”, dedi u.

Bundan tashqari, A’la Umar al-Ali o‘zbekistonlik ishbilarmonlarning barcha talablarini qondirishga, ularning ishlarini yengillashtirishga, vizalar va Suriyada bo‘lish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishga tayyor ekanini, faqat o‘zbekistonlik tadbirkor Suriyaga borib, mahsulotlarini sotishsa kifoya ekanini bildirdi.

“Biz ishbilarmonlarning barcha talablarini ta’minlashga, ularning ishlarini yengillashtirishga, vizalar va Suriyada bo‘lish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishga tayyormiz. O‘zbekistonlik tadbirkorga kerak bo‘lgan barcha sharoitlar mavjud va biz birodar ishbilarmonlarning barcha so‘rovlarini osonlashtirishga tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi delegatsiya rahbari.

Inson Buxoroga kelib, zalvori asrlarni ortda qoldirayotgan Minorai Kalonni, shahar timsoliga aylangan ko‘hna Ark qal’asini ko‘rmay, Labi Hovuz bo‘yida sayr qilmay ketsa, Buxoroga bordim, degani bekor. Mana shu an’anaga muvofiq mehmonlar Sharif shaharning tom ma’nodagi jozibasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Shundan so‘ng ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi keng qamrovli va izchil tusda o‘tgan B2B uchrashuvlariga start berildi.

“Darhaqiqat, O‘zbekistonga qilgan ushbu ikki kunlik tashrifimiz davomida ko‘rgan mahsulotlarimizning aksariyati – xoh qurilish sohasida bo‘lsin, xoh oziq-ovqat yoki to‘qimachilik sanoatida – barchasiga ehtiyojimiz bor”, demoqda suriyalik tadbirkorlardan biri.

Ushbu tashrifning ahamiyati, bunda O‘zbekiston, xususan Buxoro bilan Suriya o‘rtasidagi hamkorlikdan kutilayotgan natijalar haqida gapirar ekan, viloyat hokimi Botir Zaripov bo‘lib o‘tgan B2B uchrashuvlarida qiymati qariyb 500 mln dollarga teng tashqi savdo aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha reja qilingani, pirovardida bu eksportni kengayishiga, savdo balansini mustahkamlanishiga, ishlab chiqarish rivojlanishiga, soliq tushumlarining oshishiga va kambag‘allik va ishsizlikni kamayishiga sabab bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Buxoro o'zbek Made in Uzbekistan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing