Suriya o‘z mudofaasini Turkiya yordamida mustahkamlamoqchi

Olam

image

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi vakillari Suriyaga “texnik tashriflar” uyushtirib, joylardagi ehtiyojlarni monitoring qiladi hamda mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlaydi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 13 avgust kuni Anqara va Damashq o‘rtasida mudofaa sohasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, memorandum doirasida Suriya Qurolli kuchlarini qayta tuzish jarayonini tezlashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari, maslahatlashuv, texnik yordam va o‘zaro tashriflar rejalashtirilgan.

Vazirlik vakillari Turkiya uchun Suriyada barqarorlikni ta’minlash “mintaqada tinchlikni saqlash uchun muhim” ekanini ta’kidlab, “bitta davlat – bitta armiya” tamoyilini qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.

Shuningdek, vazirlik Turkiya “tinchlikparvar kuchlari”ni Ukrainaga yuborishi haqidagi da’volarni rad etgan. 

“Aniq tasdiq topmagan prognozlarga asoslanib xulosa qilish – noto‘g‘ri va mantiqsizdir”, degan vazirlik manbalari. 

Shu bilan birga, Anqara Ukrainada tinchlikka erishishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ham ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuh Yilmaz Suriyada zo‘ravonlikni kamaytirishni davom ettirish va Isroil harbiy hujumlarini to‘xtatishni talab qilgandi. Unga ko‘ra, Isroil tomonidan Suriya yerlariga qilingan har qanday zo‘ravonlikning oldini olish muhimdir.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Anqara Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing