Suriya Suvaydadan qo‘shinlarini olib chiqib ketyapti

Olam

image

Kecha, 16 iyul kuni kechqurun Suriya hukumati mahalliy etnik jamoalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar tufayli mamlakat janubi-g‘arbidagi Suvayda shahridan armiya bo‘linmalari olib chiqilishini e’lon qildi. Bu haqda “Sky News Arabia” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hukumat qo‘shinlarining mintaqadan olib chiqilishi druzlar bilan tuzilgan sulh bitimining bir qismidir. OAV xabarlariga ko‘ra, qo‘shinlar olib chiqilgach, davlat xavfsizlik kuchlari mintaqada qoladi – ular Suvayda yaqinidagi yo‘llarni nazorat qiladi. O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida chegara mintaqasida mojaro avj olishining so‘nggi bosqichida sodir etilgan huquqbuzarliklarni tekshirish uchun druzlar va rasmiy Damashq vakillarining qo‘shma qo‘mitasi ham tuziladi. 11 iyuldan beri davom etayotgan tartibsizliklar chog‘ida qo‘lga olingan druzlar va badaviylar qo‘yib yuborilishi, to‘qnashuvlarda bedarak yo‘qolganlar topilishi va’da qilingan.

“Biz jinoyat sodir etgan va bizning druzlarni haqorat qilganlarni javobgarlikka tortishga intilamiz, chunki ular davlat himoyasi va mas’uliyati ostida”, dedi Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara.

Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) faollari Suriya Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligini Suvaydadagi tartibsizliklarni bostirish paytida tinch aholini qirg‘in qilishda aybladi. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 27 mahalliy druz o‘ldirilgan.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaro avj olganidan beri mintaqada jami 350 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Ular orasida 79 nafar druz jangarisi, 55 nafar tinch aholi vakili, 18 nafar badaviy jangari va 189 nafar Suriya hukumat kuchlari – armiya va ichki ishlar vazirligi vakillari bor. AFP'ning ta’kidlashicha, SOHR o‘z ma’lumotlarini mahalliy faollar tarmog‘idan oladi va ularni mustaqil ravishda tekshirib bo‘lmaydi. Rasmiy manbalar avvalroq qurbonlar soni ancha kam bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Suriya janubida druzlar va badaviylar o‘rtasidagi ziddiyat

Druzlar Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada istiqomat qiluvchi alohida arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruhdir. Suriyaning Suvayda provinsiyasida ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular yaxshi qurollangan – mamlakatdagi fuqarolar urushi davrida Bashar Asad rejimi qo‘shinlari bilan ham, “Islomiy davlat” jangarilari bilan ham jang qilgan.

Druzlar dini islomning shia mazhabidan shakllangan, ammo bugungi kunda ularning ko‘pchiligi o‘zini musulmon deb hisoblamaydi.

Ayni paytda Suvaydada sunniy badaviylar ham yashaydi. Ular 2024 yilning noyabrida Bashar Asad kuchlariga qarshi hujumga rahbarlik qilgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhini qo‘llab-quvvatlagan, biroq u tuzgan yangi Suriya hukumatiga rasman bo‘ysunmagan.

Suvaydada badaviylar va druzlar uzoq vaqtdan beri kelishmovchilikka duch kelishgan. Oxirgi keskinlik o‘tkinchilar mintaqaning chekka hududidan bog‘langan va kaltaklangan druz savdogarini topib olganidan keyin sodir bo‘ldi. Savdogarning aytishicha, ko‘chmanchilar mahalliy yo‘llardan birida unga hujum qilib, pulini, mashinasini, telefonini olib, o‘zini esa “kofir” deb atashgan. Bunga javoban druzlar bir nechta badaviylarni o‘g‘irlab ketishdi, bu esa jamoa darajasida to‘liq mojaroga olib keldi.

Damashq vaziyat keskinlashganidan afsusda ekanini va hukumat qo‘shinlarini Suvaydaga jo‘natganini bildirdi. Biroq druzlar tarafdori bo‘lgan Isroil Suriya qo‘shini mintaqaga kirsa, unga hujum qilishni va’da qilib, jarayonga aralashdi. Keyinroq Isroil kuchlari hukumat qo‘shinlari kolonnalariga ham, Damashqdagi Suriya Bosh shtabiga yaqin hududga ham zarba berdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats SAXAL operatsiyasidan maqsad hukumatning druzlarga qarshi zo‘ravonliklarini oldini olish ekanini aytdi. Bundan tashqari, Isroil tomoni mamlakatning Jo‘lan tepaliklari yaqinida joylashgan hududlarini – Suriya janubi-g‘arbidagi, bir qismi avval Isroil tomonidan bosib olingan hududni demilitarizatsiya qilmoqchi ekanligini da’vo qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil druzlar badaviylar Suvayda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing