Surbet Tramp, Stanforrdagi miting va Kashmirdagi to‘polon — Weekend
Tahlil
−
20 iyun 1421 15 daqiqa
Jahon sahnasining “kattakonlari” Fransiyaga yig‘ildi. Dunyoning eng qudratli davlatlari kelgusi bir yil davomida nimalarni o‘zgartirish, kimlarni qo‘llab-quvvatlash va kimlarni “tagiga suv quyishni” muhokama qilishdi. Ammo bu o‘tgan 3 kun faqatgina muzokaralar bilan emas, kutilmagan bayonotlar va davlat rahbarlarining “beo‘xshov” hazillari va uzoq yillik dushmanlikka chek qo‘yishdagi dastlabki qadamlar bilan esda qoldi. Xo‘sh G7 sammitida nimalar yuz berdi?
Tashiyev ishi davom etmoqda. Sobiq amaldorning yaqinlari birin-ketin hibsga olinmoqda. Tez orada navbat keksa “shoqol”ga ham yetib borsa ajab emas. Hukumatda unga qarshilar ko‘paygan bir paytda, Qamchibek Tashiyev sud zalida o‘zini oqlashga urinmoqda. Xo‘sh, Qirg‘iziston Prezidentining sobiq do‘sti qamaladimi yoki yo‘q?
Kashmirda to‘polon. Mintaqaning Pokiston nazoratidagi qismida ichki siyosiy nizolar sabab xalq namoyishga chiqqan. O‘nlab insonlar halok bo‘lgan, yuzga yaqin ishtirokchilar og‘ir jarohat olgan. Hudud butkun nazoratdan chiqib ketgan. Shu va shu kabi qator muhim yangiliklarni Qalampir.uz’ning bu galgi dayjestida muhokama qilamiz.
Bitiruvchilar namoyishi
Joriy yilning 14 iyun kuni, ya’ni yakshanbada dunyoning top 5 oliy ta’lim dargohlaridan biri hisoblanuvchi Stenford univeresitetining bitiruvchilari Falastin bayroqlarini ko‘tarib namoyish uyushtirdi.
Gap shundaki, universitet bitiruv marosimida Google bosh direktori Sundar Pichay nutq so‘zlash uchun minbarga chiqar ekan, 200 ga yaqin talaba o‘rnidan turib, tadbirni tark etgan. Ayrim talabalar qo‘llariga Falastin davlati bayrog‘ini ko‘targan holda, “Free Palestine” (“Ozod Falastin”) deya hayqirib, ommaviy hushtaklar chalib, Google kompaniyasining Isroil hukumati bilan hamkorligiga nisbatan e’tirozlarini bildirishgan. Xususan, ular 2021 yilda tuzilgan va qiymati 1,2 milliard dollarga baholangan Project Nimbus nomli bulutli texnologiyalar loyihasini tanqid qilgani aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, aksiyani “Students for Justice in Palestine” va “No Tech for Apartheid” kabi tashkilotlar uyushtirgan.
Aksiya doirasida o‘tgan yil Kolumbiya universitetidagi norozilik namoyishlarini tashkil qilgan va 2025 yilda ICE (Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati) tomonidan hibsga olingan Mahmud Halil ham nutq so‘zlagan.
“Bundan bir yil oldin, kursdoshlarim sahnadan yurib o‘tayotgan bir paytda, men panjara ortida o‘tirgan edim. Mening jinoyatim tom ma’noda Isroilning G‘azodagi genotsidiga qarshi chiqqanim bo‘ldi. Mening jinoyatim sukut saqlashdan bosh tortganim edi”, degan u.
Aslida ham jamiyatning eng faol qatlami bu talabalar. Tarixda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlarning katta qismi ham aynan talabalar tomonidan amalga oshirilgan. G‘azodagi vaziyatga qarshi namoyishlar ham bir necha marta turli universitetlarda jumladan, Garvard, Yel, Dyuk kabi oliy ta’lim dargohlarida 2024 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
Bugun Isroil hukumati qilayotgan ishlar qanchalar noto‘g‘ri ekanligini, ochiqdan-ochiq bir xalq qirib yuborilayotganini hamma tushunib yetdi. Ammo oddiy xalq qancha e’tiroz bildirmasin, hukumatlar jim turipti. Shu sabab ham Netanyaxu boshliq Isroil hokimiyati barcha e’tirozlarni nazarga ilmay, o‘z siyosatida davom etmoqda. Xudo ularga insof bersin.
G7
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega davlatlar 15-17 iyun kunlari Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida jam bo‘ldi. “Katta yettilik”, ya’ni G7 davlatlari – AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya – Yaqin Sharqdagi keskinlik, Ukraina urushi, Xitoyning iqtisodiy bosimiga birgalikda bardosh berish va tobora jiddiy tus olib borayotgan Ebola virusiga qarshi kurashish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Bu galgi sammitning asosiy yutug‘i Erondagi urushni yakunlash masalasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘ldi. 17 iyun kuni AQSH va Eron rahbarlari Hormuz bo‘g‘ozini ochish va o‘zaro harbiy harakatlarni yakunlashga kelishib oldi. Garchi hali yadro dasturi masalasida umumiy to‘xtamga kelinmagan bo‘lsa-da, tomonlarning kelishib olganini o‘zi bir yutuq. Shuni eslatib o‘tishimiz kerakki, bu hali to‘la tinchlik sulhi emas. Kelgusida qator masalalar hali muhokama qilinishi kerak.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, Tramp Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish uchun o‘z “hamtovog‘i”ga qarshi chiqishga majbur bo‘lmoqda. “Hizbulloh” jangchilarini yo‘q qilish uchun Bayrutning turarjoy binolarini bombardimon qilgani, buning natijasida bir nechta urushga aloqasi yo‘q bo‘lgan insonlarning halok bo‘lgani tanqid ostiga olinib, mazkur hujumlar Eron bilan tinchlik kelishuvi o‘rnatishga to‘siq bo‘lib kelayotgani aytildi.
Trampning pozitsiyasidan kelib chiqib aytish mumkinki, agar Netanyaxu o‘z bilganidan qolmasa, AQSH va Isroilning do‘stona munosabatlariga putur yetishi aniq.
“Bizsiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarisiz Isroil bo‘lmas edi. Mensiz ham Isroil bo‘lmas edi, chunki boshqa hech bir prezident men qilgan ishlarni qilishga tayyor emasdi”, deydi Tramp.
Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil Mudofaa kuchlari Janubiy Livandan olib chiqilmasligini ta’kidlamoqda. Uning ta’kidlashicha, Isroil AQSH bilan yaqin do‘st va hamkor, ammo unga tayanib qolgan emas. Isroilning bunday harakatlari bazo‘r erishilayotgan tinchlik sulhini orqaga tortishi tabiiy.
Bundan tashqari, tadbirda mehmon sifatida taklif etilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘z maqsadlariga erishib oldi. Ukraina bugun nafaqat Rossiya bilan urushayotgan davlat, balki Moskva va G‘arb o‘rtasidagi geosiyosiy chegaraga aylangan. NATOning Ukrainaga yaqinlashuvi Rossiya uchun qanchalik xavfli deb baholansa, Kiyevning Moskva nazoratiga o‘tishi Yevropa uchun shunchalik katta tahdid sifatida qabul qilinadi. Shu sabab G7 davlatlari Ukrainaning mag‘lub bo‘lmasligi uchun yordamni davom ettirmoqda.
Sammitning yana bir asosiy qarorlaridan biri – Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirish bo‘ldi. G7 mamlakatlari Kiyevga zamonaviy havo mudofaa tizimlari, raketa tutib qoluvchi vositalar va boshqa harbiy texnikalarni yetkazib berishni davom ettirishga kelishib oldi. AQSH prezidenti Donald Tramp ham Ukrainaga qurol yetkazib berish dasturini qo‘llab-quvvatladi hamda Rossiya neft eksportiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklash ehtimolini tilga oldi.
“Yaqin orada buni amalga oshirishimiz mumkin, chunki hozir Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berilmoqda. Biz sanksiyalarni olib tashlagandik, chunki neft ta’minotiga to‘sqinlik qilishni istamagandik. Shunday ekan, yaqin orada bunga imkoniyat paydo bo‘ladi”, degan Tramp.
Diqqatga sazovor jihati, xalqaro maydonda urushni muzokaralar orqali yakunlash tashabbuslaridan ko‘ra, Ukrainani qurollantirish haqidagi chaqiriqlar ko‘proq yangramoqda. Natijada Ukraina urushi allaqachon ikki davlat o‘rtasidagi mojaro chegarasidan chiqib, Rossiya va global G‘arb o‘rtasidagi tarixiy qarama-qarshilikning navbatdagi bosqichiga aylanib bormoqda.
COVID-19 pandemiyasi dunyoga yaxshigina dars berib qo‘ygani tabiiy. Shu sababli, bu yilgi sammitda Afrikada avj olayotgan Ebola epidemiyasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Sammit yakunida G7 rahbarlari Ebola virusiga qarshi muvofiqlashtirilgan xalqaro choralarni kuchaytirish va saraton kasalligiga qarshi ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bayonot qabul qildi. Ular epidemiyaning chegaralardan tashqariga tarqalish xavfi mavjudligini ta’kidlab, kuzatuv tizimlari, laboratoriyalar, diagnostika vositalari hamda yangi vaksinalar yaratishga ko‘proq resurs yo‘naltirish zarurligini qayd etdi.
Saraton kasalligi ham sammitning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. G7 davlatlari kasallikni erta aniqlash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, yangi davolash usullarini yaratish va ilmiy ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirishga kelishib oldi.
Sammit doirasda yana ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Qudratli davlatlarning qarorlari ko‘p narsani hal etishini bu G7 sammiti yana bir bor isbotladi.
Tramp ko‘p hazillashdi
G7 sammiti odatda dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari o‘rtasidagi hamkorlik va muhim global masalalarni muhokama qilish maydoni sifatida ko‘riladi. Biroq bu yilgi uchrashuvda geosiyosiy muammolardan tashqari AQSH Prezidentining bayonotlari, xatti-harakatlari yoki qo‘pol qilib aytganda “o‘xshamagan” hazillari ham alohida e’tibor va e’tirozlarga munosib ko‘rildi.
So‘nggi yillarda Yevropaning xavfsizlik va mudofaa masalalarida AQSHga tobora ko‘proq tayanib qolayotgani Vashingtonning siyosiy ta’sirini kuchaytirdi. Ayniqsa, Ukraina urushi fonida ko‘plab Yevropa davlatlari AQSHning harbiy va moliyaviy ko‘magiga muhtoj bo‘lib turibdi. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, Tramp aynan shu ustunlikdan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishga urinmoqda.
17 iyun kuni G7 sammitining rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan sessiyalaridan biriga kechikib kelgan Tramp xonaga kirar ekan, hazil aralash “Bu yerda xo‘jayin menman”, degan. Ushbu ibora qisqa vaqt ichida xalqaro OAVlarida keng muhokama qilindi. Diplomatlar etiketidan yiroq bu insonning hamma nag‘masi ham jamoatchilik tomondan yaxshi kutib olinmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir AQSH rahbarining “masxarabozligi” ustidan kulsa, kimlardir buni axloqsizlikka yo‘ymoqda.
Biroq sammit atrofidagi eng katta mojaro Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan bog‘liq bayonotlardan keyin yuzaga keldi. Tramp Italiyaning La7 telekanaliga bergan intervyusida Meloni u bilan suratga tushishni juda istagani va bu uchun unga yalinganini aytdi. AQSH Prezidenti hatto suratga tushishga avval rozi bo‘lmaganini, keyinchalik esa Meloniga rahmi kelgani uchun bunga ko‘nganini ta’kidladi.
“Meloni men bilan gaplashganidan xursand bo‘lgandir. Meni u bilan gaplashishim shart emasdi. U men bilan suratga tushishni juda xohladi va shuni so‘radi. Aslida, suratga tushmasdim, lekin unga rahmim keldi”, degan AQSH rahbari.
Bu so‘zlar Rimda keskin norozilik bilan kutib olindi. Jorja Meloni maxsus bayonot bilan chiqib, Trampning gaplarini “to‘liq uydirma” deb atadi. U AQSH Prezidentining nega ittifoqchilariga nisbatan bunday munosabatda bo‘layotganini tushunmasligini aytdi. Meloni, shuningdek, Trampni G‘arbning raqiblariga nisbatan yumshoqroq siyosat yuritayotganlikda ham tanqid qildi.
Mojaro oqibatida Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani AQSHga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Uning ta’kidlashicha, Meloniga qaratilgan haqoratomuz bayonotlar nafaqat Bosh vazirga, balki butun Italiyaga nisbatan hurmatsizlikdir.
Melonining yaqin hamkorlaridan biri Jovanbattista Fatssolari ham Trampning so‘zlarini keskin qoralab, bunday chiqishlar AQSH va Yevropa o‘rtasidagi tarixiy ittifoqqa zarar yetkazayotganini bildirgan.
Qizig‘i shundaki, Jorja Meloni uzoq vaqt davomida Trampning Yevropadagi eng yaqin siyosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanib kelgan. U hatto Trampning 2025 yilgi inauguratsiyasida qatnashgan yagona yevropalik hukumat rahbari bo‘lgan. Biroq Eron masalasi va tashqi siyosatdagi ayrim kelishmovchiliklar ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlarni izdan chiqara boshladi. Bu voqealar fonida esa, sovuq munosabatlar yanada chuqurlashsa ajab emas.
“Gitler” qamaldi
Rossiyada oddiy hazil yoki o‘ylamay qilingan harakat jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘ldi. Sverdlovsk viloyatining Nijniy Tagil shahrida yashovchi talaba pitssa buyurtmasini Adolf Gitler nomi bilan rasmiylashtirgani uchun politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
“RIA Novosti”ning xabariga ko‘ra, yigit shahardagi savdo markazlaridan birida pitssa xarid qilish chog‘ida o‘zini “Adolf Gitler” deb tanishtirgan. Buyurtma haqidagi ma’lumot huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetib borgach, ishga politsiya hamda ekstremizmga qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari jalb etilgan. Tez orada buyurtma ortida turgan shaxs aniqlanib, qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Timofey ismli Qurilish kolleji talabasi bo‘lib, u ta’lim muassasasining o‘zida ushlangan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yigit so‘roq jarayonida qilgan ishidan afsusdaligini bildirgan. U ko‘z yoshlarini tiyolmagan holda uzr so‘ragan hamda o‘zini natsist emasligini, fashistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan. Hozirda unga nisbatan fashizmni targ‘ib qilish bilan bog‘liq ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Agar aybi tasdiqlansa, talaba 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Aslida ham Adolf Gitler nomini ommaviy joylarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda tilga olish ko‘pincha bir qator muammolarga sabab bo‘ladi. Ko‘pgina davlatlarda, ayniqsa Germaniya va Avstriyada Gitler, natsizm, svastika (natsistlar ramzi) va ularni ulug‘lash qonunan taqiqlangan. Germaniya Jinoyat kodeksining 86a-paragrafiga ko‘ra, konstitutsiyaga zid tashkilotlarning ramzlari, shiorlari va yetakchilarining tasvirlarini tarqatish yoki omma oldida ko‘rsatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Negaki, Gitler nomi hanuzgacha natsizm, irqchilik va Holokost bilan bog‘lanadi. Bu mafkura bugun ham ayrim guruhlar tomonidan targ‘ib qilinayotgani sababli, ko‘plab davlatlar va platformalar unga nisbatan qat’iy siyosat yuritadi. Shuning uchun o‘zinggizga kumir tanlashda adashmang.
Tashiyev ishi davom etmoqda
Qirg‘iziston siyosiy maydonida so‘nggi kunlarda yuz berayotgan voqealar mamlakatdagi hokimiyat ichidagi ziddiyatlar yana namoyon bo‘lmoqda. Bir paytlar Prezident Sadir Japarovning eng yaqin safdoshi va mamlakatdagi eng qudratli amaldorlardan biri sifatida ko‘rilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev bugun “75 lar xati” deb nom olgan ish doirasida sud jarayonlarida qatnashmoqda. Ayni paytda uning kuyovi Azamat Diyqanboyevning qo‘lga olinishi va sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyevning keskin bayonotlari sobiq amaldorni qiyin vaziyatga solib qo‘ydi.
O‘tgan hafta “75 lar xati” bo‘yicha sud materiallaridan maxfiylik grifi olib tashlanib, ish ilk bor ochiq tartibda ko‘rildi. Sudda parlament apparati xodimlari va guvohlar ushbu hujjatning Jogorku Keneshga qanday yetib kelgani haqida ko‘rsatma berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hujjat 11 fevral kuni parlamentga kelib tushgan va ro‘yxatga olingan. Guvohlar xatda muddatidan oldin prezidentlik vakolatlarini tugatish hamda navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazish takliflari bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Bu hujjat Jogorku Keneshga 11 fevral kuni kelib tushgan va ro‘yxatga olingan. O‘sha paytda spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li xizmat safarida edi. U xat bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermagan”, dedi Parlament xodimasi Mariya Isanova.
Sud majlislaridan birida deputat Elvira Surabaldiyeva guvoh sifatida so‘roq qilinar ekan, u bilan Qamchibek Tashiyev o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi. Mazkur holat jamoatchilik e’tiborini tortdi va siyosiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bu orada Jogorku Kenesh spikeri Marlen Mamataliyev parlament minbaridan turib “75 lar xati” tashabbuskorlarini keskin tanqid qildi. Spiker ularni “shoqollar va shoqolchalar” deb atab, davlat rahbariyatiga qarshi bosh ko‘tarishning urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchrashini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur ish bo‘yicha yakuniy bahoni sud berishi kerak.
Sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyev ham uzoq sukutdan so‘ng, Tashiyevga qarshi bayonot bilan chiqdi. U o‘z bayonotida ilgari ham Tashiyevning faoliyati yuzasidan shikoyatlar qilganini, biroq murojaatlari natijasiz qolganini aytdi. Jamg‘irchiyev ayniqsa sudda Elvira Surabaldiyevaga nisbatan bo‘lgan munosabatni tanqid qilib, Tashiyev hanuz bosim va tahdid tilida gapirayotganini iddao qildi.
“Qirg‘izlarda “yiqilganni tepkilama” degan naql bor. Shu sababli, o‘zimga qarshi qilingan noqonuniy harakatlar va soxta ayblovlar mavzusini qayta ko‘tarishni xohlamadim. O‘z hayotim bilan yashab, hech narsaga aralashmadim. Lekin endi aytishim kerak. Deputatlik faoliyatim davomida Prezident va parlament komissiyasi a’zolariga Tashiyevning harakatlari yuzasidan shikoyat qilganman, biroq murojaatlarimning adolatli ko‘rib chiqilishiga erisha olmaganman”, dedi u.
Jamg‘irchiyev nomi o‘zbekistonliklarga ham yaxshi tanish. U avvalroq “Salimboyvachcha” nomi bilan mashhur Salim Abduvaliyev bilan bog‘liq mojaro sabab Qirg‘izistonda qidiruvga berilgan va chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblangan edi.
Voqealar fonida Tashiyevning kuyovi Azamat Diyqanboyev ham qo‘lga olindi. Harbiy prokuratura unga xizmat mavqeidan foydalanib firibgarlik qilish moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilganini ma’lum qildi. Hozirda tergov davom etmoqda.
Shuningdek, spiker Marlen Mamataliyev “75 lar xati” parlamentga yetib kelishi oldindan rejalashtirilgan ssenariy bo‘lganini ham ta’kidlagan. Uning aytishicha, hujjat bir necha mansabdor va sobiq amaldorlar qo‘lidan o‘tib, parlamentga olib kirilgan.
Mana shunday voqealar fonida amaldagi prezidentning tarafdorlari ham ko‘payib qoldi. 19 iyun kuni Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev uzoq vaqtdan beri ilk bor mamlakatga qaytdi va Sadir Japarovga qo‘shimcha prezidentlik muddati berishni taklif qildi. Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev respublikaga yetib kelgan va Issiqko‘l yubiley xalqaro forumida ishtirok etgan.
“Agar Qirg‘iziston xalqi amaldagi prezidentga qirg‘iz iqtisodiy mo‘’jizasi rejasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha mandat topshirsa, har doimgidek donishmandlik bilan ish tutgan bo‘ladi deb hisoblayman. Buning uchun kamida 8-10 yil kerak bo‘lishini o‘zingiz yaxshi bilasiz”, deydi u.
Shu tariqa, bir vaqtlar Qirg‘iziston siyosatidagi eng mustahkam tandem sifatida ko‘rilgan Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev o‘rtasida juda keskin, ammo ko‘rinmas urush ketmoqda. Sud jarayonlari, siyosiy bayonotlar va yangi hibslar esa bu mojaroning hali uzoq davom etishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Kashmirda yana to‘polon
Kashmir yana notinch. Bu safar mojaroga Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi an’anaviy qarama-qarshilik emas, balki Pokiston nazoratidagi hudud ichidagi siyosiy nizolar sabab bo‘lmoqda. Qariyb, ikki haftadan buyon davom etayotgan ommaviy namoyishlar oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohatlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, noroziliklarning markazida yaqinda taqiqlangan Qo‘shma Avomiy Harakat Qo‘mitasi (JAAC) turibdi. Tashkilot tarafdorlari 27 iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mahalliy parlament saylovlaridagi o‘rinlar taqsimotiga qarshi chiqmoqda. Xususan, ular parlamentdagi 45 o‘rindan 12 tasi Hindiston nazoratidagi Kashmirdan ko‘chib kelgan va hozir Pokistonda yashayotgan qochqinlar uchun ajratilganini adolatsiz qaror sifatida baholamoqda.
Namoyishlar 6 iyunda boshlangan. Namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida kamida 20 nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Mintaqaviy politsiya rahbari Liaqat Ali Malikning ma’lumotlariga ko‘ra, yana 4 nafar politsiyachi xizmat vaqtida hayotdan ko‘z yumgan, 97 nafar huquq-tartibot xodimi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Tartibsizliklar bilan bog‘liq holda 515 kishi qo‘lga olingan.
Bugungi kunda norozilik harakatining asosiy markazi mintaqa poytaxti Muzaffaroboddan qariyb 100 kilometr janubda joylashgan Ravalakot shahri hisoblanadi. Minglab namoyishchilar aynan shu hududda to‘plangan. Hukumat esa, vaziyat nazoratdan chiqib ketishining oldini olish maqsadida qator keskin choralarni joriy etgan. Asosiy avtomobil yo‘llari yopildi, internet va ayrim aloqa xizmatlari o‘chirilgan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga cheklovlar qo‘yilgan.
Odatda odamlar bilan gavjum bo‘ladigan Muzaffarobodning yuqori Adda savdo hududi deyarli bo‘shab qolgan. Ko‘plab do‘konlar eshiklarini yopgan, faqat ayrim dorixonalar va oziq-ovqat savdo nuqtalari qisqa muddat faoliyat yuritmoqda. Internet va aloqa tizimlarining ishlamasligi bank xizmatlarini ham izdan chiqargan. Bankomatlar ishlamayapti, elektron to‘lovlar amalga oshirilmayapti. Hukumat ko‘rsatmasiga binoan yonilg‘i quyish shoxobchalari ham vaqtincha yopilgan.
Bu holat ayniqsa kunlik daromad hisobiga yashovchi aholi qatlamiga og‘ir zarba bermoqda. 27 yoshli mardikor Ixloq Ahmadning aytishicha, u 9 iyundan buyon bir so‘m ham ishlab topmagan. Uning ta’kidlashicha, iqtisodiy hayotning to‘xtab qolishi minglab oilalarni tirikchilik manbaisiz qoldirmoqda.
Mototsikl haydovchisi Osif Noz ham vaziyatni og‘ir deb baholadi. Uning fikricha, moliyaviy zaxiraga ega odamlar inqirozni qandaydir yo‘l bilan yengib o‘tishi mumkin, biroq kunbay ishlaydigan fuqarolar uchun hozirgi holat yashash manbalaridan mahrum bo‘lish bilan barobar.
“Mablag‘i borlar buni qandaydir yengib o‘tar. Biroq biz kabi kunbay ishlaydiganlar uchun bu o‘zini o‘zi halokatga mahkum qilish bilan barobar”, degan u.
Pokiston nazoratidagi Kashmirda yuzaga kelgan vaziyat mintaqaning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy va iqtisodiy barqarorligiga ham jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Saylovlar yaqinlashar ekan, hukumat va namoyishchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik qanday yakun topishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Live
Barchasi