So‘nmas yulduzlar. 2022 yilda kimlar bizni tark etdi?

Madaniyat-san’at

image

Umr oqar daryo deb bejiz aytishmaydi. Ming afsuski, 2022 yil ham oramizdan ko‘plab insonlarni olib ketdi. O‘zbek adabiyoti, san’ati, ilm-fani va siyosatida o‘chmas iz qoldirgan ko‘plab insonlar turli sabablarga ko‘ra olamdan o‘tdi.

Ushbu maqola orqali taniqli shaxslar, mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan va bugun oramizni tark etgan, muqaddas xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib kelayotgan iqtidor egalarini yodga olamiz.

Akademik Saydiahrol To‘xtayev

Kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saydiahrol To‘xtayev 3 yanvar kuni 79 yoshida vafot etdi. 

U 1942 yil 1 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1963 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mehnat faoliyatini Respublika azot sanoati davlat institutining Chirchiq filialida (hozirgi “O‘zkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyati) muhandis-texnolog sifatida boshladi. 

2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylangan.

Jurnalist Rustam Obidov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Rustam Obidov ham 3 yanvar kuni 72 yoshida qariyalar uyida vafot etdi. U 9 yil davomida Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida yashagan.

Rustam Obidov 1950 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1973 yilda “Fan va turmush” jurnalida ish boshlagan. 

Serqirra jurnalist Rustam Obid 2000 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Xonanda Sanobar Matmurodova

11 yanvar kuni o‘zbek xalqining sevimli ijodkori Sanobar Matmurodova bu yorug‘ olamni tark etdi.

Sanobar Matmurodova 1968 yil Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitovaga shogird tushgan.

1994 yilda Samarqand davlat universitetining musiqa fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyat bo‘linmasida ish faoliyatini olib borgan.

Sanobar Matmurodova o‘zining “Akajon”, “Onam derman”, “San garak” kabi bir qator qo‘shiqlarni meros qilib ketdi.

Jurnalist Dilbar Mahmudova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Dilbar Mahmudova 17 yanvar kuni 85 yoshida vafot etdi.

Dilbar Mahmudova 1936 yil 8 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1959 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan. Uning ilk kitobi “Yarim asr yonma-yon” nomi bilan chop etilgan.

Akademik Baxtiyor Nazarov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi Baxtiyor Nazarov 18 yanvar kuni 77 yoshida vafot etdi.

O‘zbek adabiyotshunosligidagi yirik olim Baxtiyor Aminovich Nazarov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi o‘rinbosari, vitse-prezident vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

San’at arbobi Jo‘ra Mahmudov

O‘zbekiston san’at arbobi, professor, teatr rejissyori, pedagog Jo‘ra Mahmudov yanvar oyida 80 yoshida vafot etdi.

U faoliyati davomida “Ona”, “Qiyomat qarz”, “Insonlikka nomzod”, “Og‘riq tishlar”, “Soxta oqsuyak”, “Qayerdasan, jon bolam”, “Qirol Lir” va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan. 

Adabiyotshunos olim Umarali Normatov

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Hamza nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori, professor, katta adabiyotshunos olim Umarali Normatov 29 yanvar kuni 91 yoshda vafot etdi.

U 1931 yil 3 yanvarda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tug‘ilgan. 1957 yil Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan.

ToshDU (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetining o‘zbek adabiyoti kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, 2001 yildan kafedra professori bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston xalq artisti Viloyat Oqilova

O‘zbekiston xalq artisti, raqqosa Viloyat Oqilova 2 fevral kuni 85 yoshida vafot etdi. Marhuma 1937 yilda mashhur san’atkor, raqs san’ati darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti Isaxor Oqilov oilasida dunyoga kelgan.

Raqqosa sifatidagi faoliyati davomida “Zang”, “Larzon”, “Shodlik”, “Xorazm lazgisi”, “Pomir raqsi”, “Afg‘oncha”, “Dilrabo”, “Shodiyona” kabi ko‘plab raqslarni mahorat bilan ijro etib, mutaxassislar va o‘zbek xalqi e’tirofiga sazovor bo‘lgan.U o‘ziga xos maktab yarata olgan san’at darg‘alaridan biri edi.

Akademik Turg‘unpo‘lat Daminov

Fan arbobi, tibbiyot sohasida taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminov 6 Fevral kuni 81 yoshida vafot etdi. 

Pediatr-infeksionist olim Turg‘unpo‘lat Daminov 1941 yil 25 aprelda Toshkentda tavallud topgan. 1964 yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatgan.

U 1997 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan. O‘zbekiston “Adolat” sotsialdemokratik partiyasi (SDP) Siyosiy kengashining birinchi kotibi, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” bosh tahrir hay’ati a’zosi vazifalarini bajargan. 1999 yilda Polsha tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi etib saylangan. Olim 1997 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Jurnalist Nig‘mat Yoqubov

Jurnalist, yozuvchi, “Do‘stlik ordeni” sohibi Nig‘mat Yoqubov 2 fevral kuni 90 yoshida vafot etdi. 

Nig‘mat Yoqubov “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”), “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetalarida hamda “Muloqot” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir lavozimlarida ishlagan. Jurnalistning 54 ta kitobi nashr etilgan. 

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning birinchi bosh murabbiyi Rustam Akromov

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning birinchi bosh murabbiyi, pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akromov 15 fevral kuni 73 yoshida vafot etdi.

Rustam Akromovich Akromov 1948 yil 11 avgust kuni Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. 1990–1992 yillar orasida Jazoirning USM klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.

Rustam Akromov O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992–1994 yillar O‘zbekiston termasi u bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

Shuningdek, u OFK, FIFA tashkilotlarida instruktor bo‘lib ishlagan.

O‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Prezident tomonidan “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Askiyachi Jo‘raxon Po‘latov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jo‘raxon Po‘latov 16 fevral kuni 88 yoshida vafot etdi.

Jo‘raxon Po‘latov 1934 yilning 10 iyun sanasida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Marhum askiya san’atining zabardast vakillaridan biri edi. U uzoq yillar madaniyat sohasining turli yo‘nalishlarida, xususan, Qo‘qon shahar Xamza nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri hamda Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida mehnat qilgan.

O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullayev

Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan taniqli agronom va tashkilotchi rahbar, O‘zbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi Ibrohim Fayzullayev 25 fevral kuni 89 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova

O‘zbek kino va teatr san’atining yirik namoyondasi, O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 15 mart kuni 86 yoshida vafot etdi.

To‘ti Yusupova 1936 yilning 10 mart kuni Samarqand viloyatida tavallud topgan edi. 

U 1957 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1957 yildan boshlab hozirgi O‘zbekiston milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova

O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 22 mart kuni 83 yoshida vafot etdi.

Aktrisa 1939 yil 21 aprelda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. O‘z faoliyatini 1959 yildan Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan.

Maryam Ixtiyorova o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab spektakl va filmlarda rol ijro etgan. Shuningdek, u turli radio eshittirishlar va hajviy teleko‘rsatuvlarda ham muntazam qatnashgan.

U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1997 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” kabi unvonlar hamda 2016 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 

Aktyor Lutfulla Sa’dullayev

Aktyor  Lutfulla Sa’dullayev 10 aprel kuni 81 yoshida vafot etdi.

Lutfulla Sa’dullayev 1940 yil 18 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1965 yil Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tugatgan. 1963–2007 yillarda Yosh tomoshabinlar, Abdulla Qahhor nomidagi Satira teatrlarida aktyor bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 

U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayeva bilan turmush qurgan.

Ulamo Nasriddinxon Atoyev

Ulamo Nasriddinxon Mubinjon o‘g‘li Atoyev 15 aprel, muqaddas Ramazon oyining muborak juma kuni 64 yoshida vafot etdi.

Xalq orasida eshonbobo nomi bilan mashhur bo‘lgan Nasriddinxon Atoyev 1958 yil 15 may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. U Toshkent islom institutini 1996 yilda tamomlagan.

Nasriddinxon Atoyev muqaddas Islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1992–2003 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” masjidida imom-xatib, 2003–2010 yillarda viloyat bosh imom-xatibi, 2010 yildan buyon viloyat faxriy imomi, 2018 yildan Navoiy viloyati direksiyasi direktori vazifasida faoliyat yuritgan. 

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov

O‘zbekiston xalq baxshisi, Sherobod dostonchilik maktabining yorqin vakili Abdunazar Poyonov 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi. 

Baxshi Abdunazar Poyonov 1949 yilda Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida tavallud topgan. 2003 yilda “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan. 

Abdunazar baxshi  repertuaridan “Alpomish“, “Malika ayyor“, “Sherali“ va boshqa dostonlar, do‘mbira kuylari hamda Vatanga muhabbat, sadoqat, xalq hayoti mavzularida o‘zi ijod qilgan yuzlab termalar o‘rin olgan. Xalqaro  va respublika baxshi-shoirlar tanlovlari g‘olibi bo‘lgan.

O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodova

O‘zbekiston Qahramoni, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murodova 30 may kuni vafot etdi.

Lola Ne’matovna Murodova 1958 yil Oltiariq tumanida tug‘ilgan. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Qahramoni” va “Qizil yulduz” ordeni Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

O‘zbek sharhlovchilik maktabi asoschisi Axbor Imomxo‘jayev

O‘zbek sharhlovchilik maktabi asoschisi, futbol jurnalistikasining faxriysi Axbor Imomxo‘jayev 30 may kuni 86 yoshida vafot etdi. 

Axbor Imomxo‘jayev – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi”, “Shuhrat” medali sohibi, “Oltin qalam” milliy mukofoti laureati, “O‘zbek futboli nuroniysi” sovrini egasi edi.

U 1936 yilning 19 fevralida tug‘ilgan. O‘zbek sport jurnalistikasining otaxoni. O‘zbekiston televideniyesi tarixida futbol uchrashuvini o‘zbek tilida sharhlagan birinchi sport sharhlovchisi hisoblanadi.

Islom Karimovning yordamchisi Georgiy Kraynov

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yordamchisi Georgiy Alekseyevich Kraynov 4 iyun kuni vafot etdi.

Georgiy Kraynov 1933 yil 21 noyabrda Andijon shahrida tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini “Andijanskaya pravda” gazetasida boshlagan. Musahhih, muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.  Georgiy Kraynov O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq eng mas’uliyatli – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulxonasi bosh maslahatchisi lavozimlarini egalladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining umumiy bo‘limi protokol sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan. Uni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov yuksak qadrlagan.

2018 yildan to umrining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. 

U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlangan.

Jurnalist Ahmadjon Toshxo‘jayev

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, o‘nga yaqin she’riy va nasriy asarlar muallifi, taniqli jamoat va madaniyat arbobi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ahmadjon Toshxo‘jayev 21 iyun kuni 70 yoshida vafot etdi.

Ahmadjon Toshxo‘jayev 1952 yilning 15 mart kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetini tamomlagan.

U G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Jurnalist Farhod Mahmudov

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Mahmudov 27 iyun kuni 49 yoshida vafot etdi.

Farhod Mahmudov 1973 yil Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. U 1996 yil Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 2008 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2018 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Farhod Mahmudov 1995 yildan buyon O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli lavozimlarda, Prezident adminstratsiyasida faoliyat ko‘rsatgan.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul

Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 28 iyun kuni 74 yoshida vafot etdi. 

U 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966–1970 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan.

Ibrohim Haqqul 1970–1972 yillarda “Shofirkon haqiqati” gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir sifatida ishlagan. 

Olim 1972 yildan Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida ishlagan. 

U rus tilidagi ikki jildlik “Istoriya uzbekskoy literaturi” kitobining mualliflaridandir.

Qashqadaryo viloyatining birinchi hokimi Temir Xidirov

Qashqadaryo viloyatining birinchi hokimi Temir Po‘latovich Xidirov 14 iyul kuni 77 yoshida vafot etdi.

Temir Xidirov 1945 yil 14 noyabrda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Gungan qishlog‘ida tug‘ilgan. 

1968 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan va shu yili Qashqadaryo viloyati irrigatsiya tizimlari boshqarmasi muhandisi, O‘zbekiston SSR “Minmelioradvodxoz” suv xo‘jaligi qurilishi birlashgan boshqarmasi bosh muhandisi, Yakkabog‘ PMK boshlig‘i, Qashqadaryo viloyati “Eskiangarkanalqurilish” tresti PMK boshlig‘i bo‘lgan.

Temir Xidirov 1973 yildan 1991 yilgacha Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi a’zosi bo‘lgan. 1992 yildan 1995 yilgacha Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol 27 sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

U 1938 yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1991–1996 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga raislik qilgan. Jamol Kamol o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar, jamiyat hayotining turli muammolariga bag‘ishlangan ko‘plab dolzarb maqolalar muallifi, publitsist, adib edi.

2019 yilda Jamol Kamol asarlarining 6 jildli saylanmasi nashr etilishi o‘zbek adabiyoti tarixidagi yorqin voqea bo‘ldi. Jamol Kamol taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi” va ikki jildlik “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi” akademik kitoblari hammualliflaridan biri. “Lirik she’riyat”, “Tarixiy drama” nomli ilmiy risolalari bor.

Xonanda Davron G‘oyipov

O‘zbekistonlik taniqli rok-pop yulduzi Davron G‘oyipov 7 oktyabr kuni 61 yoshida vafot etdi.

Davron G‘oyipov 1961 yil 7 oktyabrda tug‘ilgan. Maktabni bitirganidan keyin 1978 yilda u “Yalla” guruhiga bas gitarachi sifatida taklif qilingan.

1980 yilda Davron G‘oyipov boshchiligida O‘zbekistondagi ilk rok guruhi – “Original” tuzildi. 1980 yillar boshlarida ijro etilgan “Bu nima bu?” qo‘shig‘i guruhga katta mashhurlik olib kelgan. Qo‘shiq asosida keyinroq film ishlangan va bosh rolni Davron G‘oyipov ijro etgan.

Osiyo va Jahon chempioni Alena Nurayeva

Bodibilding bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni Alena Nurayeva oqqon kasalligi oqibatida 2 noyabr kuni vafot etdi. 

Nurayeva o‘z faoliyati davomida turli musobaqalarda ishtirok etib 9 ta oltin va 4 ta kumush medalga ega chiqqan.

Xonanda Jasur Rafiqov

“Ummon” guruhining sobiq xonandasi Jasur Rafiqov 14 noyabr kuni og‘ir xastalik sabab vafot etdi. 

Jasur Rafiqov bir necha yillardan buyon saraton bilan kurashib kelgan.

“Ummon” guruhi havaskor xonandalar – Zohid Rixsiyev, Shohruh va Jasur Rafiqov tomonidan 2010 yillarda tashkil topgan edi. O‘sha yillarda bu guruh yoshlarning eng sevimli guruhiga aylandi va viloyatlar bo‘ylab minglab muxlislarni stadionlarga jamlagan holda konsertlar taqdim etdi. 

Guruh 2018 yilda tarqaldi. Avvaliga uni Zohid tark etdi. Keyin esa Jasur betobligi sabab faoliyatini to‘xtatdi.

Akademik Abdumavlon Abdullayev

O‘zbekistonda genetika sohasining yetakchi namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdumavlon Abdullayevich Abdullayev 8 dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi.

Abdumavlon Abdullayev 1930 yilning 13 iyulida Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1952 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini O‘simlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti O‘rta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimidan boshlagan.

Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, O‘zRFA Prezidiumining qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘limi raisi hamda umrining so‘nggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Yozuvchi Sobir O‘nar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Sobir O‘nar 18 dekabr kuni 58 yoshida vafot etdi.

Sobir O‘nar 1964 yilning 25 fevralida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Quvkalla” qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

1986 yildan boshlab “Yoshlik” jurnalida adabiy xodim sifatida faoliyatini boshlab, bosh muharrir darajasiga ko‘tarilgan.

San’atshunos Dilfuza Rahmatullayeva

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti professori, san’atshunos va teatrshunos olima Dilfuza Rahmatullayeva 28 dekabr kuni 60 yoshida vafot etdi.

Dilfuza Rahmatullayeva O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi teatrlar faoliyati bo‘yicha Badiiy kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

598

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing