So‘nib borayotgan “Eurovision”. 8 ta davlat Yevropaning eng nufuzli musiqa tanlovini rad etdi

Madaniyat-san’at

image

2023 yilning may oyida Buyuk Britaniyaning Liverpul shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yevronigoh-2023” (“Eurovision-2023”) qo‘shiqlar tanlovida Bolgariya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Bosniya va Gersegovina ishtirok etmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa, turli sabablar bilan tanlovga bormaydigan a’zo mamlakatlar soni 10 taga yetdi. Ro‘yxat yanada kengayishi ehtimoldan xoli emas.

Bolgariya tomonidan ushbu qaror qabul qilinishiga sabab sifatida mamlakat aholisi mazkur dasturga yetarli darajada qiziqish bildirmayotgani aytilgan.Chernogoriyaning mahalliy RTCG teleradiokompaniyasida delegatlarning Buyuk Britaniyaga safar xarajatlarini qoplash va tanlovda ishtirok etish paketiga haq to‘lash uchun yetarli mablag‘ topilmagan. Shimoliy Makedoniya, Bosniya va Gersegovina hukumatlari esa loyihani moliyalashtirmagan va tanlovda ishtirok etish imkoniyatidan voz kechgan.

Shuningdek, Andorra radioeshittirish kompaniyasi rahbariyati yaqin va o‘rta kelajakda mamlakat vakillari bu tanlovda ishtirok etishi rejalashtirilmayotgani haqida bayonot bergan. Lyuksemburgning RTL telekompaniyasi auditoriyani musiqiy shoular emas, siyosiy yangiliklar ko‘proq qiziqtirishi bois katta harakatli bitimdan bosh tortgan va Lyuksemburg 2023 yilda tanlovda ishtirok etmasligini bildirgan. Monakodagi telekanallar o‘rtasidagi sansalorlikdan so‘ng 2023 yilda Monakoning ham ishtirok etmasligi oydinlashgan. Slovakiyaning RTVS teleradiokompaniyasi ham narx va qiziqish nomutanosibligi sababli 2023 yilgi tanlovda mamlakat vakillari qatnashmasligini bildirgan.

Yevropa Radioeshittirishlar Ittifoqi (YeRI) siyosiy sabablar bilan 2021 yilda Belarus Respublikasini uch yilga, 2022 yilda esa Rossiyani noma’lum muddatga tanlovdan chetlashtirgan edi.

Armaniston, Moldova va Chexiya kabi davlatlar “Yevronigoh-2022” tanlovida ishtirok etgan bo‘lsa-da, 2023 yil ushbu tanlovda qatnashish masalasida yakuniy qarorga kelmagan.

Katta ehtimol bilan Yevropa Radioeshittirishlar Ittifoqi (YeRI)ga a’zo bo‘lgan faqatgina 34 mamlakat “Yevronigoh-2023” qo‘shiqlar tanlovida g‘oliblik uchun bellashadi.

Eslatib o‘tamiz, “Yevronigoh-2023” tanloviga aslida Ukraina mezbonlik qilishi kerak edi. Ammo, YeRI Ukrainadagi notinch vaziyat tufayli “Yevronigoh-2023” tanlovi mezbonligi Buyuk Britaniyaga berish bo‘yicha qaror qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing