Sun’iy intellekt odamlarni “ahmoqlashtiradi” – tadqiqot

Olam

image

Amerikalik olimlar, xususan, Microsoft korporatsiyasi va Karnegi-Mellon universiteti tadqiqotchilari generativ sun’iy intellekt (SI) vositalarining faol qo‘llanilishi tanqidiy fikrlash va mustaqil muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini zaiflashtirishi mumkinligini aniqladi. Ushbu tadqiqot Microsoft'ning rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.

Xulosalar 319 nafar biznes, ta’lim va IT sohalaridagi intellektual mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslanadi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, SI vositalaridan foydalangan holatlarning 40 foizida ishtirokchilar neyrotarmoq xulosalariga to‘liq tayanib, ularni tanqidiy tahlil qilmagan.

Bu tendensiya ayniqsa oddiy vazifalarni bajarishda yaqqol namoyon bo‘lgan. Unda foydalanuvchilar o‘z fikrlariga emas, balki SI ga ko‘r-ko‘rona ishonishni afzal ko‘rgan.

“Avtomatlashtirishning asosiy istehzosi shundaki, u bizni oddiy vazifalardan xalos etar ekan, o‘z qarorlarimizni shakllantirish imkoniyatidan mahrum qiladi”, deyiladi tadqiqotda.

Olimlar, ayniqsa, yosh avlod haqida xavotir bildirgan. Masalan, talabalar mustaqil tahlildan qochib, esse yozishda SIdan faol foydalanmoqda. Ular orasida neyrotarmoqlarga bog‘liqlik shakllanmoqda. Bu “Google effekti” deb ataluvchi eng kichik savollar uchun ham qidiruv tizimlariga murojaat qilish odatiga o‘xshaydi.

Tadqiqotchilar SIdan foydalanishga ongli yondashish zarurligini, avtomatlashtirish va mustaqil vazifalarni bajarish o‘rtasida muvozanatni saqlash, tanqidiy fikrlashni muntazam ravishda mashq qilish va ta’lim jarayonlariga diqqat bilan yondashish kerakligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mutaxassislar raqamli texnologiyalarga ortib borayotgan qaramlik va “klipcha fikrlash” fenomeni sababli odamlar mantiqiy fikrlash va oddiy masalalarni yechish qobiliyatini yo‘qotayotganini ma’lum qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, raqamli muhit odamlarni chuqur fikrlash o‘rniga passiv axborot iste’moliga o‘rgatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing