24 yillik yetakchi Erdo‘g‘an 71 ga kirdi
Tahlil
−
26 fevral
388020 yildan oshiq vaqtdan beri mamlakat siyosatining eng yuqori pog‘onalarida turgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 26 fevral kuni 71 yoshga to‘ldi. U 2003 yildan 2014 yilgacha bosh vazir, 2014 yildan boshlab esa Prezident sifatida faoliyat yuritmoqda.
Erdo‘g‘an nafaqat mamlakat ichkarisida, balki butun mintaqada yetakchilikni qo‘lga oldi va 2017 yilda referendum orqali parlament tizimini bekor qilib, Turkiyani prezidentlik respublikasiga aylantirdi. Bu esa uning vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Erdo‘g‘an boshchiligida Turkiya katta o‘zgarishlarga erishgan bo‘lsa-da, uning siyosati ko‘pincha ichki muxolifat va xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilinadi. Ustiga ustak, oxirgi yillarda Turkiyaning iqtisodiy muammolari, inflyatsiyaning oshishi (Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 50 foizdan yuqori) va turk lirasining qadrsizlanishi (1 turk lirasi 0,027 AQSH dollariga teng) uning obro‘siga putur yetkazmoqda. Maqolada Erdo‘g‘anning siyosat yo‘lidagi asosiy chizgilari haqida so‘z boradi.
Erdo‘g‘anning siyosiy sahnaga chiqishi
Ta’lim, siyosat va sport. 1954 yil 26 fevralda tug‘ilgan Erdo‘g‘an Qora dengiz bo‘yida ulg‘aygan va 13 yoshida uning oilasi Istanbulga ko‘chib o‘tgan. Islomiy maktabda ta’lim olayotgan yosh Erdo‘g‘an pul topish uchun limonad va kunjutli pishiriqlar sotardi. Keyinchalik u shahardagi Marmara universitetining iqtisodiyot fakultetida tahsil olgan va o‘qish chog‘ida islomiy Milliy najot partiyasi yoshlar qanotida o‘z siyosiy faoliyatini boshlagan. Erdo‘g‘an 1969 yildan 1982 yilgacha futbol bilan shug‘ullanib, yarim professional darajadagi klublarda to‘p surgan, ammo siyosat uchun sportdagi faoliyatini to‘xtatgan.
Istanbul boshqaruvi va qamoq. Erdo‘g‘an 1994 yilda Istanbul meri lavozimiga saylandi va keyingi to‘rt yil davomida shaharga rahbarlik qildi. Biroq u omma oldida o‘qigan she’ri tufayli millatlararo nizo va nafrat qo‘zg‘atishda ayblanib, qamoqqa olindi. She’rda quyidagi satrlar bor edi:
Masjidlar – bizning kazarmalarimiz,
Ularning gumbazlari – bizning dubulg‘alarimiz,
Minoralar – bizning nayzalarimiz,
Va iymonimiz – bizning askarlarimiz.
To‘rt oylik qamoqdan so‘ng Erdo‘g‘an yana siyosatga qaytdi.
Partiya va bosh vazirlik. 2001 yilning avgustida Erdo‘g‘an boshchiligida yangi, islomiy ildizlarga ega “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tashkil qilindi. Keyingi yili parlament saylovlarida mazkur partiya g‘alaba qozondi va 2003 yilda Erdo‘g‘an bosh vazir etib tayinlandi. Shundan so‘ng, u ketma-ket uch muddat bosh vazirlik lavozimida ishladi va xalqaro miqyosda tanildi.
Prezidentlik. Erdo‘g‘an 2014 yilda ilk bor Prezident lavozimiga saylandi va hamon mamlakatni boshqarib kelmoqda. Ammo u lavozimga kelishining dastlabki yillaridayoq ikki jiddiy zarbaga duch keldi: uning partiyasi 2015 yilgi saylovda parlamentdagi anchagina o‘rnini yo‘qotdi va oradan ko‘p o‘tmay, 2016 yilda 300 nafar tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi.
Biroq ta’kidlash kerakki, prezidentlikka so‘nggi saylov ham u uchun oson kechmadi. Negaki, 2023 yilning fevralidagi 40 mingdan ortiq turkiyalikning o‘limiga sabab bo‘lgan dahshatli zilzila tufayli Erdo‘g‘anning obro‘siga putur yetdi va muxolifat kuchlari bundan maksimal foydalanib qoldi. Shunga qaramasdan Erdo‘g‘an Xalq alyansidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Kamol Qilichdoro‘g‘lidan ko‘proq ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi va o‘z lavozimida qoldi.
Ma’lumot uchun, amaldagi Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari o‘z lavozimida ketma-ket ikki muddatdan ko‘p saylanishi mumkin emas. 2023 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Erdo‘g‘an besh yillik ikkinchi muddatga qayta saylangan va uning vakolat muddati 2028 yilda tugaydi.
Erdo‘g‘an xalqaro maydonda
Turkiya Prezidentining xalqaro maydondagi obro‘si murakkab va ziddiyatli. U o‘zini mustaqil siyosat yurituvchi yetakchi sifatida ko‘rsatishga intilib, G‘arb va Sharq o‘rtasida muvozanatni ushlab turishga harakat qiladi. Biroq uning boshqaruv uslubi, tashqi siyosati va ichki repressiyalari xalqaro maydonda turlicha qarshilanmoqda.
Erdo‘g‘anning Yevropa Ittifoqi (YeI) va AQSH bilan munosabatlari ko‘pincha tarang bo‘lib kelgan. 2016 yilgi harbiy to‘ntarishdan so‘ng minglab odamlar qamoqqa olinishi va so‘z erkinligiga bosimning oshishi G‘arb tomonidan tanqid qilindi. Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun 1987 yilda ariza berganiga qaramay, maqsadiga yeta olmayapti. Yevropa Komissiyasi matbuot kotibi Peter Stanoning aytishicha, jarayon “yillarni talab qiladi”.
Erdo‘g‘an va AQSH. Erdo‘g‘an 2016 yilgi harbiy to‘ntarish ortida sobiq imom, “Xizmat” jamoatchilik harakati asoschisi Fathulloh Gulen turganini iddao qilib, AQSHdan uni ekstraditsiya qilishni talab qilgan, ammo AQSH bunga rozi bo‘lmagan va Gulen vafotigacha (2024 yil) o‘sha yerda yashadi. Qolaversa, AQSHning azaliy raqibi (hozir aksi kuzatilayotgan bo‘lsa ham) Rossiya bilan yaqinlashuv, Vashingtonni yaxshigina xafa qildi.
Erdo‘g‘an va Rossiya. Erdo‘g‘an Putin bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Rossiyadan S-400 mudofaa tizimini sotib oldi. Rossiya esa Turkiyada birinchi atom elektr stansiyasini qurmoqda va unga gaz yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biriga aylandi.
Biroq rasmiy Moskva bilan yaqin aloqalariga qaramay, Turkiya Ukrainaga dron yetkazib bergan va Qora dengiz don kelishuvida vositachilik qilgan. Bu esa unga xalqaro maydonda muhim o‘rin egallash imkonini berdi.
Musulmon davlatlari bilan aloqalar: islom dunyosi yetakchisi bo‘lishga intilish
Erdo‘g‘an Yaqin Sharq va musulmon dunyosida o‘zini islomiy yetakchi sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. Falastin yerlarida kechgan mojarolarda u Isroil va uni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb davlatlarini doimiy tanqid qildi, shuningdek, dunyo hamjamiyatini Falastinga yordam berishga chaqirdi. Aslini olganda, Erdo‘g‘an Isroilga qarshi nutqlarini avvalroq boshlagan va 2017 yilda yahudiy mamlakatini “terrorchi” deb atab, Quddus Falastin poytaxti bo‘lishi tarafdori ekanini bildirgandi.
Biroq bunday “pafosli nutqlari”ga qaramay, Turkiyaning Isroil bilan hamkorlik qilishda davom etishi dunyo OAV tomonidan keskin tanqidga uchragandi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa musulmon mamlakatlarini birlashtiruvchi tuzilmalarda faol ishtirok etib, musulmon dunyosining manfaatlarini himoya qilishni da’vo qiladi.
Bir o‘q bilan ikki quyon: Erdo‘g‘anning Suriyadagi siyosati
Erdo‘g‘anning Suriyadagi siyosatini hech ikkilanmay murakkab va ko‘p qirrali deyish mumkin. U boshidanoq 50 yildan ortiq davom etgan avtokratik oila sulolasining ikkinchi avlodi sanalgan Bashar Asad hukumatiga qarshi qo‘zg‘olonlarni qo‘llab-quvvatlagan. Erdo‘g‘an Suriyada 2011 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushi davrida o‘z mamlakatini shafqatsiz boshqarishi bilan tanilgan Asadning iste’fosini talab qilib kelgan. Va nihoyat 2024 yil so‘nggida Asad rejimi ag‘darildi va 2025 yil yanvarida Ahmad ash-Shara mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilindi.
Shundan so‘ng, Turkiya Prezidenti Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini saqlash mamlakatning asosiy siyosati ekanini ta’kidlab, Damashqdagi yangi ma’muriyatga siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalarda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Ahmad ash-Shara ham ikkinchi xorijiy safaridayoq Turkiyaga uchib bordi va Suriya hududida Turkiyaning harbiy-havo bazalarini tashkil etishni o‘z ichiga olgan mudofaa paktini muhokama qildi.
Turkiya hukumati birinchilardan bo‘lib, Suriyadagi yangi ma’muriyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Damashqdagi elchixonasini qayta ochdi va Halabda bosh konsullik tashkil etdi. Turkiyada so‘nggi paytlarda jiddiy muammoga aylanayotgan muhojirlar (mamlakatda 3,5 milliondan ortiq suriyalik qochqinlar mavjud edi) va boshqa masalalarni hal qilish borasida Erdo‘g‘an Asad bilan chiqisha olmayotgan hamda unga Ahmad ash-Sharadek “ini” kerak edi, so‘nggida shunday ham bo‘ldi.
Erdo‘g‘anning turkiy xalqlar borasidagi siyosati haqida to‘xtalsak, uni so‘nggi paytlar ko‘p bora muhokama mavzusiga aylanayotgan turkiy xalqlar birlashuvida jonbozlik ko‘rsatmoqda deyish mumkin. U Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) faoliyatini kuchaytirish va jarayonlarni tezlashtirish tarafdori sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuning bilan bir vaqtda Rossiya va Xitoy kabi mintaqadagi kuchli o‘yinchilar bilan muvozanatni saqlashga ham harakat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, dunyo sahnida Turkiyaning uzoq yillik Prezidenti siyosatini yoqlovchilar ham, qoralovchilar ham yetarlicha. 2024 yilning martida munitsipal saylovlarda partiya yetakchisi sifatida ishtirok etgan Erdo‘g‘an bu u uchun so‘nggi saylov ekaniga urg‘u bergan.
“Ish faoliyatim bilan to‘xtovsiz shug‘ullanyapman, nafas olishga ulgurmay yuguryapmiz. Men uchun bu yakun. Bu saylovlar qonunchilik tomonidan ruxsat etilgan vakolatim doirasidagi so‘nggi saylovdir. Keyingi ishlar mendan keyin keladigan birodarlarimga o‘tadi”, degan u.
Ammo ta’kidlash joizki, Turkiyada ham, mintaqada ham Erdo‘g‘an ayni vaqtda “asosiy o‘yinchi”lardan biri.
LiveBarchasi
Trenddagilar

