Sulton Abdulhamid yashagan saroyda yong‘in chiqdi
Olam
−
09 dekabr 2022
11151Istanbulning Beshiktosh tumanida joylashgan “Charog‘on” saroyi (Çırağan Sarayı)ning mehmonxona qismida yong‘in chiqdi. Zich tutun ko‘tarilgan mehmonxonadagi yong‘in, taxminan 1 soatdan so‘ng o‘chirildi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in Charog‘on ko‘chasidagi 5 qavatli “Çırağan Palace Kempinski İstanbul” mehmonxonasining yuqori qavatlarida, ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytda chiqqan. Hududga ko‘p sonli o‘t o‘chiruvchilar jo‘natilgan.
Mehmonxonada qolgan odamlar evakuatsiya qilingan. Tez yordam tutundan jabrlangan fuqarolarni shifoxonaga yetkazgani aytilmoqda. Yong‘indan so‘ng mehmonxonada qolganlarning bir qismi chamadonlari bilan hududni tark etgan. Charog‘on ko‘chasi transport harakati uchun yopilgan.
Istanbul hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Beshiktosh tumani, Yulduz mahallasi Charog‘on ko‘chasidagi Charog‘on saroyida ta’mirlash ishlari olib borilgan 5 qavatli mehmonxonaning 4-qavatida ertalab yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqdagi xabar favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatlarga soat soat 11:01 da kelib tushgan.
Yong‘inda qurbon bo‘lganlar yo‘q. Istanbul shahar hokimiyatining yong‘in bilan bog‘liq bayonotida aytilishicha, mehmonxona rahbariyati tomonidan 139 nafar mijoz, o‘t o‘chiruvchilar tomonidan 10 nafar ta’mirlash ishchisi, tibbiy guruhlar tomonidan esa tutundan zarar ko‘rgan 10 kishi shifoxonaga olib ketilgan.
Ma’lumot uchun, “Charog‘on” saroyi Kempinski tarmog‘ining besh yulduzli mehmonxonasi bo‘lib, Bosfor bo‘g‘ozining Yevropa sohilidagi xarobalardan qayta tiklangan Sulton Abdulaziz saroyi binosini egallaydi. Mehmonxona “Yulduz” saroyi va parki majmuasi bilan marmar ko‘prik orqali bog‘langan.
“Charog‘on”, shuningdek, O‘rtako‘y masjidi va Dolmabahche saroyi dastlab XVIII asr qirollik qarorgohlarini stilizatsiya qilish yo‘nalishida Usmonli me’morchiligini yevropalashtirishga intilgan “Balyan” saroyi me’morlarining ijodi edi. Qurilish 1863 yildan 1867 yilgacha olib borilgan. XX asr boshlarida sulton Abdulhamid II saroyda harbiylar nazorati ostida yashagan va 1909 yilda bu yerda Turkiya parlamentining ilk majlislari bo‘lib o‘tgan.
1910 yil yanvar oyida yarim yog‘ochdan yasalgan saroy yonib ketdi. U 1989 yilgacha yapon tadbirkorlari shoshilinch ravishda rekonstruksiya qilishga kirishguniga qadar vayron bo‘lgan holatda qoldi. Intererlar tarixiy voqeliklarni aks ettirmaydigan, turistlarni mehmonxonaga jalb qiladigan tarzda rekonstruksiya qilingan. 2007 yilda intererlarni asl ko‘rinishiga yaqinlashtirishga harakat qilindi.
LiveBarchasi