“Sulh xavf ostida”. Eron va AQSH 21 soat muzokara o‘tkazdi
Olam
−
10:06 6770 2 daqiqa
Kecha, 11 aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida AQSH va Eron vakillari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Jarayon 21 soat davom etgan, biroq ayrim masalalarda kelishmovchiliklar bor. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy ma’lum qildi.
“Ushbu muzokaralar 40 kunlik majburiy urushdan keyin ishonchsizlik hamda shubha muhitida o‘tdi. Tabiiyki, biz boshidanoq bir martalik uchrashuvda kelishuvga erishilishini kutmagan edik. Buni hech kim kutmagan edi”, deydi u.
Bundan oldin Tehron muzokaralar jarayonining muvaffaqiyatini Vashington niyatlarining jiddiyligi, haddan tashqari talablardan voz kechishi va respublika manfaatlarini tan olishi bilan bog‘lagan.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham muzokaralar kelishuv bilan yakunlanmaganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi o‘zlarining “qizil chiziqlarini” juda aniq belgilab bergan: nimalarda yon berishga tayyor va nimalarda yo‘q, biroq Eron tomoni bu shartlarni qabul qilmagan.
“Yomon yangilik shundaki, biz kelishuvga erishmadik va menimcha, bu Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ko‘ra Eron uchun ancha yomonroq yangilikdir”, deydi Vens.
“Fars” ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi va yadro energetikasi bo‘yicha AQSH shartlariga rozi bo‘lmagan.
“Axios” nashri ham qator kelishmovchiliklarga Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishda oyoq tirab olgani va boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishni istamayotgani sabab bo‘lganini yozdi.
“Muzokaralardagi boshi berk ko‘chaga kirib qolish holati o‘tgan haftada erishilgan ikki haftalik sulhni xavf ostiga qo‘ymoqda”, deb qayd etadi nashr.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens muzokaralar kelishuvga olib kelmaganini bayon qilgach, Pokistondan uchib ketgan.
“Tasnim” kelishuv yo‘qligini AQSHning “haddan tashqari yuqori talablari” bilan bog‘lagan. Pokistondagi muzokaralar taxminan 21 soat davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika harbiylari Hormuz bo‘g‘ozini minalardan tozalashni boshlaganini, Eronning barcha mina yotqizuvchi kemalari esa cho‘ktirilganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi