Sudan Bosh vaziri iste’foga chiqdi
Olam
−
03 yanvar 2022
2644Sudan Bosh vaziri Abdullah Hamdok ommaviy noroziliklar ortifan iste’foga chiqdi. Minglab odamlar uning 2020 yil oktyabrida davlat to‘ntarishi uyushtirgan harbiylar bilan hukumatni bo‘lishish haqidagi qarori ortidan kecha, 2 yanvar kuni norozilik namoyishlariga chiqqan.
Namoyishchilar “xalqqa boshqaruvni ber” deya hayqiriqlar bilan hokimiyat to‘liq xalq nazoratiga o‘tishini talab qilishgan. Ammo bu safargi namoyishlar ham harbiylar qarshiligiga uchrab, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Abdullah Hamdokning hukumatdan ketish to‘g‘risidagi qarori ortidan hokimiyat boshqaruvi to‘laligicha harbiylar nazorati ostida qolmoqda.
Bu Sudanning 2019 yilda uzoq muddat davlatni boshqargan avtoritar Prezidenti Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan xalq qo‘zg‘olonidan so‘ng, Sudanning demokratik boshqaruvga o‘tishdagi nozik harakatlariga yana bir zarba bo‘ldi.
Televideniye orqali qilgan murojaatida Abdullah Hamdok mamlakat "omon qolishi dargumon bo‘lgan xavfli burilish nuqtasida" ekanini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatni "falokat yoqasidan qutqarish" uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilgan, ammo "kelishuvga erishish uchun qilingan barcha harakatlarga qaramay kelishuv amalga oshmagan".
2021 yil 25 oktyabr kuni davlat to‘ntarishidan so‘ng, hukumat harbiylar qo‘liga o‘tishi ortidan xalq vakillari va harbiy rahbarlar hokimiyat taqsimlanishi borasida kelishuvga erishishi qiyin kechgan. O‘shanda Abdullah Hamdok uy qamog‘iga olingan.
Ma’lumoti bo‘yicha iqtisodchi bo‘lgan Hamdok Birlashgan Millatlar Tashkilotida rasmiy lavozimda ishlagan shaxs sifatida xalqaro hamjamiyatda hurmatga ega. U Sudanning ba’zi davlat qarzlaridan kechish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan. Ammo qarzlar bilan birga davlatga ajratilgan yonilg‘i subsidiyalarining olib tashlanishi, ko‘plab asosiy tovar mahsulotlarining narxi ko‘tarilishi, buning ortidan esa hukumatga qarshi ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi.
Noyabr oyida harbiylar bilan erishilgan kelishuvlar ortidan hukumatga qaytgan Hamdok yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar texnokratlar kabinetini boshqarishi kerak edi. Ammo saylovning muntazam ortga surilishi sababli xalq harbiylarga qarshi namoyishlar o‘tkaza boshlagan.
Harbiylar bu safargi namoyishlarni ham kuch bilan bostirishga urinmoqda.
Abdullah Hamdok iste’fosi ortidan Qo‘shma Shtatlar Sudan hukumatini aholiga nisbatan zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirgan.
Demokratiya tarafdori bo‘lgan Sudan markaziy shifokorlar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishidan keyingi namoyishlar chog‘ida 50 dan ortiq odam, jumladan so‘nggi yakshanba kuni yana kamida ikki kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi