Sud Trampga Kapitoliy bosqini bo‘yicha “tilini tiyib yurish”ni buyurdi

Olam

image

Kolumbiya okrugi federal sudi sudyasi Tanya Chatken AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga 2021 yil yanvarida Kapitoliy tepaligidagi tartibsizliklar bo‘yicha “nozik ma’lumotlarni ” oshkor qilishni taqiqladi. Bu haqda kecha, 11 avgust kuni e’lon qilingan sud hujjatlarida ma’lum qilindi.

“Sudlanuvchi va uning advokatlari bevosita yoki bilvosita muhim materiallarni yoki uning mazmunini hech qanday jismoniy yoki yuridik shaxs bilan baham ko‘rmasliklari kerak”, deyiladi hujjatda.

Shunday qilib, Chatken AQSH maxsus maslahatchisi Jek Smitning iltimosini qisman qondirgan, u Tramp jamoasiga ushbu ish bilan bog‘liq har qanday ma’lumot almashishni taqiqlashni talab qilgan. Prokuratura o‘z talabini bunday ma’lumotlarning tarqatilishi ishni xolis o‘rganishga xalaqit berishi, xususan, guvohlarni qo‘rqitishi bilan izohlagan. Murojaatda Trampning Truth Social’dagi xabari keltirilgan. Unda sobiq prezident siyosiy raqiblarini ta’qiblarda ayblab, ularga ham xuddi shunday javob berishga va’da bergan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning 6 yanvarida Donald Trampning minglab tarafdorlari AQSH Kongressi amaldagi davlat rahbari Jo Baydenning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini tasdiqlamasligi uchun Kapitoliy binosiga bostirib kirgan. Oqibatda to‘rt nafar namoyishchi va bir politsiyachi halok bo‘lgan. Yana 140 nafar politsiyachi yaralangan.

Hozirda sobiq prezidentga qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, 2021 yilning 6 yanvarida Tramp va uning sheriklari prezidentlik saylovlarida soxta iddaolar tarqatish, shuningdek, zo‘ravonlik va tartibsizliklarni keltirib chiqarish orqali rasmiy ovoz berish natijalarini bekor qilishga uringan. Maxsus maslahatchi Jek Smitga ko‘ra, aynan Trampning yolg‘onlari “Kapitoliy hujumi”ga sabab bo‘lgan.

Donald Trampdan tashqari yana olti nafar shaxsga nisbatan ayblovlar qo‘yilgan, ularning ismlari oshkor qilinmagan. Ayni paytda, ular orasida sobiq prezidentga saylovlardagi qallobliklar haqidagi bayonotlarni tarqatishga yordam bergan advokatlar ham borligi ma’lum. Bu Trampga qarshi ochilgan uchinchi jinoiy ish. Ilgari unga hujjatlarni soxtalashtirish, shuningdek, mudofaa ma’lumotlarini noqonuniy saqlash aybi qo‘yilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Kapitoliy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing