Sud Nurxon Nafasovni lavozimiga qaytardi

Jamiyat

image

Avvalroq, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Karate Milliy federatsiyasi sobiq prezidenti Nurxon Nafasov ustidan sud jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edik.

2018 yilning 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan O‘zbekiston Karate Milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ochilgan edi.  

Bu vaqt oralig‘ida Nafasov federatsiya rahbarligidan chetlashtirilib, uning o‘rnini Alamjon Mullayev egallagan edi.

Oradan 11 oy o‘tib Nurxon Nafasov lavozimiga yana tiklandi.

Joriy yil 27 avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi O‘zbekiston Respublikasi nomidan hal qiluv qarorini chiqardi.

Qaror mazmuniga ko‘ra, Nurxon Nafasovning javobgar Nurmuxumbet Iminov, Alamjon Mullayevga nisbatan yig‘ilish bayonnomasi va qarori, lavozimdan ozod qilish to‘g‘risidagi buyruqni bekor qilish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Ya’ni, sud tomonidan O‘zbekiston karatae milliy federatsiyasining 2018 yil 26 sentbyar kundagi yig‘ilish bayonnomasi va qarori haqiqiy emas, deb hisoblandi hamda 2018 yil 27 sentyabrdagi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimidan ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq g‘ayriqonuniy, deb topildi.

Eslatib o‘tasiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudlanuvchilar:

•    Nurxon Nafasov (1965 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlangan, O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi prezidenti);
•    J.Yusupov (1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi bosh buxgalteri lavozimida ishlagan);
•    B.Aralov (1981 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz); 
•    O.Qosimov (1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi bosh kotibi lavozimida ishlaydi)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 192-11 (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edilar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

85

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing