Sud inauguratsiyadan 10 kun oldin Trampga hukm chiqaradi

Olam

image

Nyu-York shtati sudyasi Xuan Merchan AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga pornoaktrisa Stormi Deniyelsga to‘lovlar bo‘yicha hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha hukm chiqarishni 10 yanvarga tayinladi. Bu haqda kecha, 3 yanvar kuni sudyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, Tramp hukm chiqarishda shaxsan yoki video havola orqali ishtirok etishi mumkin. Sudya, shuningdek, AQSHning saylangan prezidentini ayblash niyatida ekanini, lekin unga qamoq jazosi, jarima yoki shartli jazo tayinlamasligini ham aniq aytdi.

"Merchan Trampning prezidentlik daxlsizligi asosida ishni tugatishga urinishlarini rad etdi", deb yozadi "Associated Press".

Sudya "hukm chiqarishga hech qanday qonuniy to‘siq yo‘q" deb topganini va "bu masalani yakuniy hal etish" adolat manfaatlariga xizmat qilishini aytdi.

Tramp esa sudyaning qarori “konstitutsiyaga zid” ekanini va bu “Amerika prezidentligini tugatishi” mumkinligini aytdi. U, shuningdek, unga qarshi ish "noqonuniy siyosiy hujum" ekani haqidagi da’volarini takrorladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil may oyida hakamlar hay’ati Trampni siyosatchi bilan munosabatlari haqida sukut saqlagani uchun pornoaktrisa Stormi Deniyelsga 130 ming dollar to‘laganini yashirish uchun biznes yozuvlarini soxtalashtirishda barcha 34 ta ayblovda aybdor deb topdi. Hukm avvaliga 11 iyulga belgilangan edi, biroq sudya Xuan Merchan uni bir necha bor, jumladan, AQSHdagi prezidentlik saylovlari tufayli keyinga qoldirdi.

Endi sud Tramp inauguratsiyasiga 10 kun qolganida hukm chiqarmoqchi. 20 yanvar kuni AQSHning saylangan prezidenti o‘z lavozimiga kirishadi.
"Associated Press" agentligining qayd etishicha, Tramp o‘z lavozimiga kirishgan va og‘ir jinoyatlarda ayblangan birinchi AQSH prezidenti bo‘lishi mumkin. "Reuters" axborot agentligining yozishicha, Trampga qadar AQSHning birorta prezidenti – sobiq yoki amaldagi – jinoyatda ayblanmagan yoki hukm qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp N'yu-York

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing