Sud Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ikkita qaror qabul qildi
Jamiyat
−
29 aprel 2019
29393Shveysariya federal sudi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning avtomobillarini sotishni va muzlatilgan hisob raqamidagi mablag‘lardan foydalanishni taqiqladi. Mahalliy nashrlar tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, Federal sud Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ikkita muhim qaror qabul qilgan.
Birinchidan, Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan uchta superkar – Mercedes-Benz SLR 2DR, Bentley Arnage va Range Rover Sport V8 – sotuvga chiqarilmaydi. Ular Karimovaga tegishli bo‘lgan hovli hududida qoladi. Ma’lumot uchun, ushbu avtomobillar umumiy qiymati 1 mln frank deb baholanmoqda.
Ikkinchidan, Federal sud Gulnora Karimova ishi bilan shug‘ullanayotgan prokuror Patrik Lamonni ushbu ishdan chetlatdi. Bunga sabab u 2018 yilning sentyabrida O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrif uchun sanksiya olmagan. Karimovani himoya qiluvchi tomon ushbu tashrif “shubhali bo‘lgan” deb ta’kidlamoqda. Sud ham mazkur tashrifdan so‘ng ishda hech qanday yangi dalil isbotlar paydo bo‘lmaganini qayd etgan.
Ayni damda Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi hisob raqamlarida 800 mln frank mablag‘ muzlatib quyilgan. Sud ushbu mablag‘lar muzlatilgan holda qolishini qayta tasdiqladi.
Qiziq fakt – o‘tgan yilning iyul oyida Gulnora Karimovaning advokati Greguar Manja prokuraturaga ushbu mablag‘dan 500 mln frankini ishlatishga ruxsat so‘ragan. Advokat aytishiga qaraganda mablag‘lar “Gulnora Karimovani himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan turli xarajatlarni qoplash uchun” kerak bo‘lgan. Lekin sud advokatning ushbu talabiga ham rad javobini berdi.
Sud o‘z qarorini ikki sabab bilan izohladi: birinchidan, mablag‘lar noqonuniy yo‘l bilan olingan bo‘lish ehtimoli kattaligi. Ikkinchidan esa, sud Greguar Manja yollangan advokat emas, davlat tomonidan tayinlangan advokat ekanligi va ushbu ishda uning xarajatlari va maoshi davlat tomonidan qoplanayotganini ko‘rsatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyi boshida, Greguar Manja Zangiota tuman ayollar koliniyasida bo‘lib Gulnora Karimova bilan shaxsan uchrashgan edi.
LiveBarchasi