Sud Beeline'dan 1,3 mlrd so‘m undirish bo‘yicha qaror chiqardi
3-sahifa
−
14 mart
5802Toshkent shahar iqtisodiy sudi “O‘zbekiston kabel televideniyasi” MCHJning “Unitel” MCHJ (Beeline)ga nisbatan da’vo arizasini qisman qanoatlantirib, ruxsatsiz efir uchun 1,3 milliard so‘mdan ortiq summadagi asosiy qarzni undirish haqida qaror qabul qildi. QALAMPIR.UZ sud qarori bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, mazkur ish tomonlar o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasi muddati tugashiga qaramay, signal uzatish xizmatlari davom ettirilgani sababli kelib chiqqan. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2023 yil 22 fevralda tuzilgan bo‘lib, “O‘zbekiston kabel televideniyasi” “Unitel”ga “Yagona signal” paketi orqali telekanallar kontentini uzatish xizmatini ko‘rsatish majburiyatini olgan. Biroq 2024 yil boshiga kelib, shartnoma muddati tugagan va yangi kelishuv imzolanmagan. Shu bilan birga, “Unitel” xizmatlardan foydalanishda davom etgan.
Da’vogar tomonidan taklif etilgan yangi tarif bo‘yicha muzokaralar natijasiz yakunlangan va 2024 yil 19 yanvarda javobgar tomonidan kafolat xati taqdim etilgan. Shu asosda “O‘zbekiston kabel televideniyasi” o‘z xizmatlari uchun haq undirishni talab qilib, sudga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi da’voni rad etgan bo‘lsa-da, apellyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, 1 mlrd 379 mln so‘m miqdoridagi qarzni undirish haqida qaror qabul qilgan. Sudning fikricha, javobgar tomonidan xizmatlardan foydalanilgani va kafolat xati berilgani ushbu majburiyatni qonuniy asosda tasdiqlaydi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining mavjud tarif siyosatiga asosan, har bir abonentdan 5 750 so‘mlik to‘lov undirilishi qonuniy deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan “Coscom” MCHJ (Ucell)ga moliyaviy jarima qo‘llanilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi