Stikerni kim o‘ylab topdi? Respublika maxsus komissiyasiga savollar bor

Tahlil

image
Mirziyoyev va Tramp Hukumati koronavirusga qarshi qanday kurashyapti?  north_east

Mirziyoyev va Tramp Hukumati koronavirusga qarshi qanday kurashyapti? 

2020 yilning 29 yanvar kuni Prezident Farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiya tarkibi bir qancha davlat tashkilotlari rahbarlaridan iborat tarkibda shakllantirildi. Koronavirus doirasidagi har qanday chora-tadbirlar mazkur komissiya nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 28 mart kuni mazkur komissiya qarori bilan shaxsiy avtomobillarda harakatlanishni cheklovchi tartib o‘rnatila boshladi. Unga ko‘ra, 2020 yil 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladigan bo‘ldi. Maxsus ruxsatnomalar bir qancha mashinalarga berilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shundan so‘ng, bir kun ichida (yakshanba) mashinasiga maxsus ruxsatnoma olishni istovchi ko‘plab fuqarolar yoppasiga davlat xizmatlari markazlariga bora boshladi. Nima qilsin? Maxsus stiker olish kerak. Olmasa, birinchidan ish to‘xtaydi. Ikkinchidan, dushanbadan (30 mart) avtomobilida harakatlansa, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rilishi boshlanishi mumkin. Kim ayni “ilik uzildi” vaqtida jarima to‘lash yoki javobgarlikka tortilgisi keladi?

Bundan tashqari, odamlarning g‘uj-g‘uj bo‘lib to‘planishi jamoatchilikda xavotir uyg‘otdi. Dunyo tajribasi masofa saqlash, bir joyga yig‘ilmaslik lozimligi haqida jar solmoqda. Shu vaqtgacha bir joyga to‘planishga qarshi chiqayotgan maxsus komissiya bu qarorni qabul qilishda vaziyat bunday tus olish ehtimolini nazardan chetda qoldirdi. Joriy etilayotgan tizim to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, bu bilan ezgulik ko‘zlanganiga shubha qilmaymiz, ammo uslub noto‘g‘ri edi. Shuningdek, stikerlar markazlar tomonidan kartonga o‘xshash maxsus qog‘ozlarda berilishi ta’kidlab o‘tildi. Lekin maxsus komissiya a’zolari COVID-19 maxsus kartonlar, qog‘ozlarda bir necha soat davomida yashashi mumkinligini nahot hisobga olmagan bo‘lsa? Ertaga ko‘chada “GAI”lar mashinani to‘xtatsa, maxsus stikerni qo‘lga olib ko‘radigan bo‘lsa (haydovchilik guvohnomasidek), virus bir tanadan ikkinchi tanaga o‘tmasligiga kim kafil bo‘la oladi?

Fikrimcha, ushbu qarorning o‘zi jamoatchilikda ham katta vahima uyg‘otdi. Kecha Chorsu bozoriga ro‘zg‘orga mahsulot olgani tushganimda, bir-ikki fuqarolar mazkur qarorni muhokama qilayotganini eshitib qoldim. “Ertadan mashinalarimiz bilan shaharda harakatlana olmas ekanmiz. Bu virus kuchaymoqda. Uyimiz uzoq. Piyoda kelish ilojsiz. Bozorga shu bilan qachon kelamiz, Xudo biladi. Shu sababli ko‘proq mahsulotlarni g‘amlab qo‘yyapmiz”, dedi kartoshka sotib olishga navbatda turgan bir fuqaro. 

Mamlakatda birinchi iste’mol tovarlariga ehtiyoj birdan oshib ketdi. Uzundan-uzun navbatlar yuzaga kela boshladi. Bozorda navbat talashib kichik-kichik tortishuvlar bo‘lganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turdik. Albatta, bunday navbatlarga aynan maxsus stikerlar sababchi demaymiz. Lekin uning ham ulushi borligini inkor qilish noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Nega maxsus komissiya mana shunday voqealar yuz berishi mumkinligini ham oldindan hisobga olmadi?

Jamoatchilikning jiddiy e’tirozlaridan so‘ng, maxsus stikerlar soat 15.00 da maxsus ruxsatnomani olish uchun arizani elektron tarzda my.gov.uz portali orqali  topshirish mumkin bo‘ladi, mazmunidagi Davlat xizmatlari agentligining xabari chiqdi. Ammo ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, aytilgan portaldan birinchi navbatda ushbu shakldagi ruxsatnoma  olinishi kerak bo‘larkan.

Keyin esa quyidagi ko‘rinishda stiker olish lozim bo‘ladi. Yana byurokratiya, yana printer izlab ko‘chaga chiq. Hammaning uyida ham barcha qurilmalar mavjud emas, axir.

Kecha esa “mashinada 1 aprel soat 06:00 ga qadar maxsus ruhsatnomasiz harakatlanishga ruxsat beriladi. Ruxsatnoma olish online my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi” mazmunida xabar e’lon qilindi. Bu haqda Toshkentdagi bir nechta tuman DXM direktorlari ham xabar berdi. Ular stikeri yo‘q fuqarolarni IIV xodimlari to‘xtatmasligini aytmoqda. Hatto ayrimlari tarqalgan videolarda stiker berilmayotganini ham aytdi. Bu odamlar tarqalishi uchun qilingan bo‘lishi ham mumkin.

Ammo bugun DXA “ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xizmatlari markazlarida maxsus ruxsatnoma berish 1 aprelga qadar talab etilmasligi haqidagi e’lon joylashtirilganligi yuzasidan  xabarlar tarqaldi. Mazkur e’lon rasmiy asosga ega emas. Hozirda ushbu e’lon Markazlardan olib tashlangan. Sohaga oid o‘zgarish mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqida ma’lumot rasmiy sahifalarimizga joylashtiriladi”, deb xabar qildi.

QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdullayevning kecha kechasi stiker olish bo‘yicha“1 aprel soat 6:00 ga qadar uzaytirildi, ertaga shaxsiy mashinada kelsangiz bo‘ladi, ertaga soat 09:00 da ishda bo‘linglar, ertaga hech kimni qabul qilmanglar, tushuntiringlar, hech qanday “zapret” yo‘q, yursangiz bo‘ladi deb, ertadan hujjat qabul qilmanglar” mazmunida DXA xodimlari guruhlariga yo‘llagan xabarlari tarqatilgan. Bunisiga nima deysiz endi? Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i bu topshiriqni kimdan olgan? Yoki o‘zboshimchalik bilan bu ish amalga oshirildimi? Jamoatchilikni chalg‘itishdan nima maqsad ko‘zlangan?

DXA Matbuot xizmatiga bog‘lanib, ushbu chalkash va noprofessional tashabbus kimdan chiqqani haqida ma’lumotlarni olishga harakat qildik. Stikerni joriy etish tashabbusi DXA rahbariyati va xodimlaridan chiqmaganligini bildik. Bu tashabbus maxsus komissiya a’zolaridan qaysi birining tashabbusi bilan chiqqanini hozircha aniq bilmaymiz. Lekin manbamizga ko‘ra, o‘sha majlisda ushbu maxsus stikerni joriy qilishdan avval yaxshilab barcha taraflarni hisobga olish lozimligi haqida ham komissiya rahbariyati tomonidan alohida aytilgan ekan.

Mazkur maxsus ruxsatnoma mutlaqo bepul. Bundan davlat pul undirishni ko‘zlamagani aniq. Biroq ertaga mashinasi zarur bo‘lgan fuqarolar mana shu rasmda berilgan holatlarga qo‘l urmasligiga kim kafolat beradi? Komissiya aslida bularning barchasini hisobga olishi kerak emasmidi? Asosiy savol: endi nima bo‘ladi?


 
 


Maqola muallifi

Teglar

DXA Koronavirus GAI COVID-19 maxsus ruxsatnoma stiker Ruspublika maxsus komissiyasi

Baholaganlar

338

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing