Starlink interneti Afrikaga ham kirib bordi
Texnologiya
−
31 yanvar 2023
4429Nigeriya SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldoshli keng polosali Internet xizmatidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritgan Afrika qit’asidagi birinchi davlat bo‘ldi. Bu haqda SpaceX’ning Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.
“Starlink endi Nigeriyada mavjud – bu xizmatni olgan birinchi Afrika davlati!”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, nigeriyaliklar oylik 43 dollar to‘lash orqali xizmatdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Nigeriyadan tashqari Starlink boshqa Afrika davlatida – Mozambikda ham ishlash uchun ruxsatga ega. Lekin u yerda xizmat hali ishga tushirilmagan.
Shuningdek, SpaceX 2022 yil oxirida Starlink sun’iy yo‘ldosh internet foydalanuvchilari soni 1 million kishidan oshganini ma’lum qilgan. Xizmat auditoriyasining o‘sishi tez sur’atda amalga oshgan. Masalan, o‘tgan may oyida uning atigi 400 ming foydalanuvchisi bor edi.
Ma’lumot uchun, hozirda xizmat orbitada 3400 dan ortiq kosmik kemaga ega. Kompaniya 7500 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini uchirish ruxsatiga ega va SpaceX ’ning yana 30 000 ta kosmik kemani orbitaga jo‘natish bo‘yicha arizasi tartibga soluvchi tasdiqni kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Eronda mavjudligi aytilgandi. Kompaniya rahbari Ilon Mask ham mamlakatda 100ga yaqin faol aloqa terminallari mavjudligini tasdiqlagandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi