Stalin davrida qamalgan, Karimov davrida taqiqqa uchragan shoirni Mirziyoyev mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston xalq shoiri, yozuvchi Shukurulla Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha, 28 avgust kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan  “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. 

Joriy yilning 2 sentyabr kuni 99 yoshni qarshilaydigan Shukurulla Yusupov sobiq ittifoq davridagi paxta ishi, o‘zbeklar ishi kabi voqealar aks etgan “Kafansiz ko‘milganlar” asari bilan mustaqillikning ilk 10 yilligida mamlakatda katta obro‘-e’tiborga ega adiblardan biri sifatida ko‘rilar edi. XX asr boshida Shukurulla Yusupov ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra taqiqqa uchradi. Uning she’rlari, asarlari darsliklardan olib tashlandi, nashrlarda e’lon qilinmaydigan bo‘ldi. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida ish boshlagach, ko‘plab madaniyat va san’at, adabiyot vakillari qatorida Halima Xudoyberdiyeva, Shukurulla Yusupovga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Shukurulla Yusupov 1921 yilning 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 

1938 yil Qoraqalpog‘istonda, 1939-45 yillarda Toshkentda o‘qituvchilik qilgan. Keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi (1945—49), O‘zbekiston davlat nashriyotida muharrir (1945—51; 1955—65). 

1951 yilda millatchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan (1955). Ilk she’rlar to‘plami — “Birinchi daftar” (1949). Shundan keyin uning “Qalb qo‘shiqlari” (1949), “Hayot ilhomlari” (1959), “Umrim boricha” (1960), “Inson va yaxshilik” (1961), “Inson — inson uchun” (1964), “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988), “To‘kilgan dardlarim” (2001) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. 

Shukurulla Yusupov lirik she’rlarida sevgi va vafo, mehr va oqibat singari insoniy qadriyatlarni ulug‘lab, kitobxonda yalqovlik, loqaydlik, kalondimog‘lik, hasadgo‘ylik, g‘arazgo‘ylik kabi illatlarga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otishga intilgan. Lirik qahramonning ruhiy olamida kechgan va kechayotgan evrilishlarni inson va jamiyat, inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy aloqani tasvirlash orqali ko‘rsatib bergan. Shukurulla “Chollar” (1948), “Rossiya” (1956), “Ikki qoya” (1964), “26 tong otari” (1966), “Gul va otash” (1972), “Ko‘ngil chirog‘i” (1975), “Asr bahsi” (1985) va boshqalar dostonlarini yozgan.

Shukurullaning bolalarga bag‘ishlangan she’r va ertaklari “Bahor sovg‘asi” (1962), “Yulduzlar” (1964) she’riy to‘plamlaridan o‘rin olgan. “Xatarli yo‘l” (1962), “Tabassum o‘g‘rilari” (1964), “To‘ydan keyin tomosha” (1980), “O‘g‘rini qaroqchi urdi” (1982), ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari to‘g‘risida bahs yurituvchi “Javohirlar sandig‘i” (1983) essesi, qatag‘on davri dahshatlari haqidagi “Kafansiz ko‘milganlar” (1989) avtobiografik qissasi, “Qasosli dunyo” (1994) publitsistik maqolalar to‘plami, Ubaydulla Xo‘jayev to‘g‘risidagi “Tirik ruhlar” (1999) roman-xronikasi muallifi. 

Uning asarlari rus, arab, turk, ozar, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz tillarida nashr etilgan. Shoir 1981 yilda O‘zbekiston xalq shoiri, 1994 yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, 1994 yilda “Do‘stlik” ordeni va 1999 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shukurulla Yusupov

Baholaganlar

338

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar