SSVga 2027 yilgacha OIVning irsiy yuqishiga barham berish topshirildi

Salomatlik

image

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga 2027 yilgacha odamning immunitet tanqisligi virusining onadan bolaga yuqishiga barham berish vazifasi topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu vazifa Prezidentning “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, 2027 yilga qadar aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalar xarid qilinadi.

OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun 120 milliard so‘m va 54 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi.

OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkaziladi. OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ta’minlanadi.

2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi tashkil qilinadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi ilgari surilgan.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing