SSV: 5-qavatdan tushib ketgan yigit tirik qoldi
Salomatlik
−
05 mart 2022
10586Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilib, 5-qavatdan tushib ketgan yigitning hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 23 fevral kuni 2004 yilda tug‘ilgan bemor A. og‘ir holatda tez tibbiy yordam mashinasida RSHTYOIM qabulxonasiga olib kelingan. Bemor qurilish ob’ektining 5-qavatidan yiqilib tushgani sababli jarohat olgani aniqlangan.
U zudlik bilan shok zaliga yotqizilib, markaz mutaxassislari tomonidan bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida MSKT tekshiruvi hamda qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasida ultratovush tekshiruvlari o‘tkazilib, bemorga tashxis qo‘yilgan.
“Tegishli mutaxassislar tekshiruvidan so‘ng qo‘yilgan tashxis asosida bemorda zudlik bilan bir necha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Dekompressiv lyaminektomiya, ayrim umurtqalarni reklinatsiya va stabilizatsiya qilish orqali umurtqa pog‘onasiga transpedikulyar sistema o‘rnatish kabi operatsiyalar shular jumlasidan. Yuqori saviyada o‘tgan amaliyotlar natijasida bemorning hayoti saqlab qolindi”, deydi markaz direktori Doniyor Alimov.
SSVga ko‘ra, operatsiyadan keyin ko‘krak va bel sohasi MSKT qilinganda, hech qanday xafv aniqlanmagan. O‘tkazilgan jarroxlik amalyotlari va davo choralari natijasida o‘smir yigitchaning umumiy ahvoli yaxshilangan.
“Hozirda uning gemodinamik ko‘rsatkichlari barqarorlashib, kundan kunga ijobiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi