SSSRning oxirgi rahbariyati buyuk davlatimizni vayron qildi – Putin

Olam

image

SSSRning sobiq partiyaviy rahbarlari, ko‘pchilik odamlarning irodasiga zid ravishda, Sovet Ittifoqini yo‘q qilishgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 30 sentyabr kuni Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarini anneksiya qilishga bag‘ishlangan marosimda shunday fikr bildirdi.

“Belovej o‘rmonida o‘sha paytdagi partiya elitasi vakillari SSSRni parchalashga qaror qilishdi. Odamlar to‘satdan o‘z vatanlaridan uzilib qolishdi. Bu esa xalqimizni parchalab tashladi, jamiyatimizni ikkiga bo‘lib yubordi, milliy halokatga aylandi. Ammo endi bu muhim emas. Sovet Ittifoqi yo‘q, o‘tmishni qaytarib bo‘lmaydi. Ha, va bugungi kunda Rossiyaga bu kerak emas. Biz bunga intilmayapmiz”, deydi Prezident.

Putin odamlar vatanidan uzilib qoldi deb aynan nimani nazarda tutgani noma’lum. Negaki, sobiq ittifoq ko‘plab millatlarni kuch bilan birlashtirgan davlat bo‘lib, butun mavjudligi davomida ana shu milliylikka, qarshi kurashib, yagona sovet xalqini yaratishga intilgan va buni uddalay olmagan. Putin ham o‘sha amalga oshmagan orzu – sovet xalqiga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya Prezidenti bir necha bor SSSR parchalanishini fojia va postsovet hududidagi hozirgi ziddiyatlarning sababi deb atagan. SSSR parchalanishi haqidagi eng mashhur bahoni Putin 2005 yilda Federal Majlisda qilgan nutqida bergan. O‘shanda davlat rahbari buni XX asrning eng katta geosiyosiy falokati deb atadi.

2015 yilda Putin Sovet Ittifoqining qulashi natijasida “rus xalqi dunyodagi eng katta bo‘lingan xalqqa aylandi” deb ta’kidlagandi.

Putin 2019 yilda “Rossiya chaqirmoqda” forumning yalpi majlisida! Sovet Ittifoqining qulashiga uning rahbariyatining samarasiz iqtisodiy siyosatini sabab qilib ko‘rsatgan va bu esa siyosiy sohaga ham ta’sir qilganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Boltiqbo‘yida millatchilik tuyg‘ularining kuchayishi SSSRning parchalanishi bilan deyarli bog‘liq emas. Sobiq SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyov Rossiya rahbarining so‘zlariga javoban, inqiroz iqtisodiy sabablarga ko‘ra emas, balki respublikalar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin SSSR

Baholaganlar

552

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing