SQB o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirmoqda!
Biznes
−
06 aprel 2022
7880Maktab o‘quvchilariga savol bilan yuzlandik. Xo‘sh, kim pul yig‘ishni yaxshi ko‘radi, yoki kim kundalik harajatlarini nazorat qilib boradi? Zal suv quygandek jim-jit edi! Keyin ularga navbatdagi savolni berdik. Aytingchi, kim har kuni pul ishlatadi? Negadir 1-savolga ko‘tarilmagan qo‘llar bu javobga kelganda jonlanib qoldi. Birdaniga hamma: "men, men, men, men....."
Shu onda o‘ylanib qoldik. Nega farzandlarimiz har kuni bizdan maktabga pul olishni qoyillatishadi-yu, lekin uni mustaqil tasarruf eta olishmaydi. Yoki nega 10 yoshlik bolalar, do‘konga kattalar yordamisiz chiqib, qaytimni to‘g‘ri olishni uddalay olmaydi. Balki ularga moliyaviy savodxonlik yetishmas?! Xo‘sh, uni kimdan, qachon o‘rganishadi?
O‘zsanoatqurilishbank tizimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda “Butunjahon jamg‘arish kuni” (“World savings day”) xalqaro ta’lim kampaniyasi doirasida umumta’lim maktablarida o‘tkazilayotgan moliyaviy savodxonlik darslari o‘quvchi-yoshlarga ana shu kabi bir qarashda arzimasdek, lekin hayotda nihoyatda zarur bo‘lgan bilimlarni yetkazishga qaratilgan.
Bugungi kunga qadar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va yoshlarda o‘z pul mablag‘lari jamg‘arish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu ta’lim dasturi bugungi kungacha 60dan ziyod umumta’lim maktablaridagi 3 mingdan ortiq o‘quvchilarni qamrab oldi.
– Moliyaviy ta’lim kelajakda yoshlarga moliyaviy masalalarda oson va to‘g‘ri qaror qabul qilishda ko‘maklashadi, ularning pul mablag‘lari bilan munosabatda xavfsizligini oshiradi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning poytaxtimizdagi Rakat filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari A.Shavkatov. –Aksincha, moliyaviy bilimga ega bo‘lmaslik esa, nafaqat moliyaviy inqirozga, balki tez-tez firibgarlar tuzog‘iga tushishga, haddan tashqari ko‘p qarz va ijtimoiy-ruhiy muammolarga kirib borishga sabab bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan xalqaro ta’lim kampaniyasi doirasidagi ushbu tashabbuslar har jihatdan dolzarb, uni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Mashg‘ulotlarda Bank mutaxassislari o‘z malaka va tajribalariga tayanib o‘quvchi-yoshlarni bank-moliya olami bilan tanishtirmoqda, bank xizmatlari iste’molchilari sifatida huquqiy bilimlarini oshirib, ularning mustaqil hayotida asqotuvchi moliyaviy xulq-atvorini shakllantirmoqda.
Xususan, o‘quvchilar “byudjet”, “moliya”, “bank” tushunchalari bilan birga, omonat, plastik karta, kredit kabi eng ommalashgan xizmatlar, shuningdek, onlayn xizmatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishmoqda. Mobil ilova misolida raqamli bank imkoniyatlari bilan tanishtirilmoqda.
– O‘zimda ishbilarmonlik qobiliyati borligini his qilaman, – deydi yuqori sinf o‘quvchilaridan biri Sanjar Ravshanov. – Bank xodimlari bilan uchrashuv mustaqil ish boshlashimda mablag‘ borasidagi o‘ylarimni aritdi. Kreditni qarz, ishni esa qarzdan boshlamaslik kerak deb tushunardim. Bank mutaxassislari diqqatni qarz uzishga emas, balki, undan qanday unumli foydalanishga qaratish lozimligini o‘rgatdi.
– Moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalari yoshlarga real maqsadlar qo‘yish va ularga erishish sari ishonch bilan borish imkonini beradi, – deydi
“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Yashnobod filiali boshqaruvchi o‘rinbosari A.Luqmonov. – Ishlab topganingizni ko‘paytirish tugul, shunchaki ushlab turishuchun ham kishining uquvi bo‘lishi kerak. O‘zaro savol-javoblarda o‘quvchilar mana shunday bir qarashda oddiy, lekin dolzarb savollarga javob olishdi.
Bugungi kungacha Bank tomonidan uch mingdan ziyod o‘quvchi-yoshlarning moliyaviy savodxonligi oshirildi. Biroq, bu raqam o‘sishda davom etmoqda. “Butunjahon jamg‘arish kuni” xalqaro ta’lim kampaniyasi ishtirokchilari bo‘lmish O‘zsanoatqurilishbank xodimlari viloyatlardagi chekka qishloqlarga ham kirib bormoqda.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi