Kurs UZS

USD

12 960.38

-6

EUR

14 152.73

-61.02

RUB

151.92

1.69

Protein va geynerlarsiz ham tanani mukammal holatga keltirish mumkinmi?

Sport

image

Sport ozuqalari, ya’ni protein kokteyllari, geynerlar, aminokislotalar, kreatin va boshqalar sportchilar va faol turmush tarzi olib boruvchilar orasida juda ommalashgan. Ular mushak massasini oshirish, kuch-quvvatni yo‘qotmaslik va tez tiklanishga yordam beradi. Biroq ularning foydasi bilan birga ba’zi zararli tomonlari ham bor. QALAMPIR.UZ quyida sport ozuqalarining ehtimoliy xavflari haqida ma’lumot beradi.

Hazm tizimiga salbiy ta’sir

Ko‘plab sport ozuqalari hazm tizimiga og‘irlik qiladi. Xususan, ortiqcha protein iste’mol qilish oshqozon og‘rig‘i, ich qotishi yoki ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Organizm ko‘p miqdordagi proteinni hazm qilish uchun qiyinchilikka uchrashi mumkin, bu esa buyraklarga ortiqcha yuk tushishiga olib keladi.

Buyrak va jigarga salbiy ta’sir

Yuqori dozada protein va kreatin iste’mol qilish buyrak va jigar faoliyatini buzishi mumkin. Bu ayniqsa, allaqachon buyrak yoki jigar muammolariga ega bo‘lgan insonlar uchun xavfli. Kreatin suvni ushlab qolishi tufayli qon bosimi oshishi va buyraklarning zo‘riqishiga olib kelishi mumkin.

Gormonal muvozanatga ta’sir

Ba’zi ozuqalar, xususan, testosteronga ta’sir qiluvchi sport qo‘shimchalari organizmning tabiiy gormonal muvozanatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Bu erkaklarda gormonal muammolar, akne, ya’ni yuzdagi toshmalar, haddan tashqari asabiylik yoki kayfiyat o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yurak-qon tomir tizimiga ta’sir

Ba’zi sport ozuqalari, ayniqsa, energetik ichimliklar va stimulyatorlar, masalan, kofein va boshqalar yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular yurak urishi tezlashishi, qon bosimi oshishi va hatto infarkt xavfini oshirishi mumkin.

Qo‘shimcha moddalar va sintetik qo‘shimchalar xavfi

Ko‘plab sport ozuqalarining tarkibida turli qo‘shimchalar, shu jumladan sintetik moddalar va konservantlar bo‘lishi mumkin. Ular organizmda allergik reaksiyalar, oshqozon-ichak muammolari va boshqa noxush ta’sirlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Psixologik bog‘liqlik

Ayrim odamlar sport ozuqalariga psixologik jihatdan bog‘lanib qolishi mumkin. Qo‘shimcha ozuqalar sport natijalariga ta’sir qiladigan yagona omil sifatida ko‘riladi va bu tabiiy ovqatlanishni ikkinchi darajali deb hisoblashga olib keladi.

Bu borada mutaxassislar nima deydi?

Nutritsionist doktor Maykl Greger ba’zi sport ozuqalaridagi yuqori qand va kofein miqdori yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uning tavsiyasiga ko‘ra, bunday mahsulotlarning nazoratsiz iste’moli sog‘likdagi muammolarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, yana bir nutritsionist doktor Mikaela Sparrou qo‘shimcha sport ozuqalari, protein, kofein va aminokislota kabilarni iste’mol qilish, hazm qilish tizimining buzilishi, ozuqa moddalarining muvozanati buzilishi, asab tizimidagi jiddiy muammolarga olib keladi. Yuqorida sanab o‘tilgan qo‘shimcha ozuqalarni me’yoridan ortiq iste’mol qilishning oqibati esa saraton bilan yakunlanishi haqida ogohlantirib o‘tgan.

Protein, geyner va aminokislotalar kabi sport ozuqalarisiz ham tanani mukammal holatga keltirish mumkinmi?

Dunyoga mashhur diyetolog va reabilitologlar, shuningdek, fitnes va bodibilding bilan shug‘ullanuvchi sportchilar protein, geyner va aminokislotalar kabi notabiiy qo‘shimchalarsiz ham tanani mukammal holatga keltirish mumkinligi borasida quyidagi tavsiyalarni beradi.

Tabiiy oziq-ovqat tarkibi

Tanangizga kerakli barcha ozuqa moddalarini tabiiy oziq-ovqat manbalaridan olishingiz mumkin:

  • Protein manbalari: Go‘sht (tovuq, mol, qo‘y), baliq, tuxum, sut mahsulotlari, quruq mevalar (mayiz, kunjut, bodom, grek yong‘og‘i).
  • Uglevod manbalari: Qora non, grechka, qora birinch, meva va sabzavotlar.
  • Yog‘ manbalari: Avokado, zaytun yog‘i, yong‘oqlar, baliq yog‘i.

To‘g‘ri mashg‘ulot rejimi

Qo‘shimcha mahsulotlarsiz ham yaxshi natijaga erishish uchun mashg‘ulotlar rejasini to‘g‘ri tuzish kerak:

  • Kuch mashg‘ulotlari (tyajyolaya atletika, bodibilding) – mushak massasini shakllantirish uchun.
  • Kardio mashg‘ulotlar (yugurish, velosport, suzish) – yog‘larni yo‘qotish va yurak-qon tomir salomatligini yaxshilash uchun.
  • Muvozanatli mashg‘ulotlar – yoga, stretching kabi mashqlar tanani umumiy mustahkamlash uchun.

To‘g‘ri uyqu rejimi va tiklanish

  • Uyqu – 7-9 soat bo‘lishi shart.
  • Qayta tiklanish – haftasiga kamida 1-2 kun dam olish kerak.
  • Stressni kamaytirish – chunki stress kortizol (mushaklarni parchalovchi gormon)ni ko‘paytirib yuboradi.

Gidratizatsiya (Suv ichish)

Tananing yaxshi holatda bo‘lishi uchun kunlik 2-3 litr suv ichish muhim.

Tabiiy energiya manbalari

  • Qahva yoki tabiiy ko‘k choy – mashg‘ulotdan oldin energiya uchun.
  • Tabiiy antioksidantlar – ko‘katlar, limon, ziravorlar, imbir.

Protein, geyner va aminokislotalarsiz ham ideal tana shakliga erishish mumkin. Buning uchun balanslashtirilgan ovqatlanish, to‘g‘ri mashg‘ulot rejasi va yetarlicha dam olish kerak. Qo‘shimchalar bu shunchaki qo‘shimcha yordamchi vosita, asosiy natijani esa tabiiy usullar bilan ham qo‘lga kiritish mumkin.

Sport ozuqalaridan foydalanishdan avval shifokor yoki diyetolog bilan maslahatlashish muhim. Ularni me’yorda qabul qilish, tabiiy ovqat manbalaridan masalan, go‘sht, tuxum, sut mahsulotlari zarur ozuqaviy moddalarni iste’mol qilishga uringan ma’qul. Sport ozuqalarini to‘g‘ri va xavfsiz iste’mol qilish orqali inson salomatligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Sport ozuqalari protein kokteyllari geynerlar aminokislotalar foydasi va zararli tomonlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar