Sport maktablarida razryadli va unvonli sportchilar tayyorlanadi — Prezident taqdimot bilan tanishdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 iyul kuni sport ta’limini rivojlantirish va Olimpiya zaxiralarini tayyorlash masalalariga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu sohani yanada rivojlantirish uchun sport ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, murabbiylar malakasini oshirish zarur. Xususan, ushbu muassasalarda ishlayotgan 14 mingga yaqin murabbiylarning qariyb 6 ming nafari oliy ma’lumotga ega emas. Shuningdek, joylarda ot sporti, zamonaviy besh kurash, regbi, o‘q otish, kamondan otish, velosport, suvga sakrash va sinxron suzish bo‘yicha murabbiylar yetishmaydi.

Taqdimotda sport ta’limi tizimini tubdan yaxshilash, zamonaviy dastur va metodikalarni joriy etish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari Olimpiya zaxiralari kollejlari hamda jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilab, sport ta’limini takomillashtirish, o‘quvchi va talabalar sonini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Sohadagi ta’lim muassasalarining Paralimpiya bo‘limlariga 10 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratilishi hamda ota-onalar tomonidan to‘lov tartibi bekor qilinishi belgilandi. Shuningdek, qizlar uchun kvotani ko‘paytirish orqali Xalqaro olimpiya qo‘mitasining gender tenglikka doir tamoyillari ta’minlanadi.   

Seleksiya ishlarini kuchaytirish, bu jarayonda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, korrupsiya holatlariga barham berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Olimpiya zaxiralari kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va musobaqalar tashkil etish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Olimpiya zaxiralari kollejlarini sport federatsiyalari bilan uzviy bog‘lash, iqtidorli yoshlarni o‘stirishda promouter, skaut, agent kabi mutaxassislar faoliyatini keng qo‘llash va bu yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holatini hamda farmakologik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sportchilarni tayyorlash va o‘quv muassasalarini boshqarish tizimini ilmiy asoslangan ravishda rivojlantirish zarurligi aytildi.

2021–2022 o‘quv yilidan boshlab, sport maktablarida davlat buyurtmasi asosida razryadli va unvonli sportchilarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 

Murabbiylar yetishmayotgan sport turlari bo‘yicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ularga mahalliy murabbiy va talabalarni biriktirib, tajribasini o‘rganish kerakligi qayd etildi.  

 Sport ta’limi muassasalarini qurish va ta’mirlash, zamonaviy jihozlar va sport adabiyotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘zbekistonlik sportchilar Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli musobaqaga jami 126 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Davlat rahbari sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yaxshi natijalarga erishishi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, 2024 yili Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing