SSKA Fayzullayevni qanchaga sotadi?
Sport
−
26 aprel 6487 5 daqiqa
Futbol tarixidagi eng dramatik finallardan birida ishtirok etgan o‘zbekistonlik futbolchilar, Osiyo chempionlari Toshkentga qaytdi. Kutilganidek, O‘zbekistonda an’ana tusiga kirgan holat ro‘y berdi, ya’ni chempionlar qizil yo‘laklarda tantanali tarzda kutib olindi, chempionlar hamon OAV, o‘z viloyat-u tumanlarida, maktablarida va kerak bo‘lsa FIFA rasmiy sahifalarida ham e’tirof etilmoqda.
Shu va boshqa mavzular bilan doimgidek QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
20 aprel kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mezbon saudiyalik tengqurlarini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning birinchi taymi, 40-daqiqasida Sarsenbayev va 45-daqiqada Abdukarimovga qizil kartochka ko‘rsatildi. 2 kishi kam bo‘lib qolgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. 50-daqiqada Muhammad Hakimov O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi. 70-daqiqada Sadriddin Hasanov oradagi farqni ikkitaga oshirdi. O‘yin yakuniga qadar o‘zbekistonliklar darvozaboni Rustamjonov bir qancha seyv amalga oshirib, jamoasini gollardan qutqardi.
Shu tariqa, Islom Ismoilov qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi chempioniga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikkinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “fair play” sovrini mezbon Saudiya Arabistoni terma jamoasiga nasib qildi. Eng yaxshi darvozabon esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi posboni Ne’matulloh Rustamjonov bo‘ldi. Turnir to‘purari O‘zbekiston vakili Asilbek Aliyev va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb, Sadriddin Hasanov topildi.
Finaldan keyin jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov va yetakchi futbolchilardan biri Sadriddin Hasanov hayajonli va og‘ir final haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan terma jamoa a’zolarini tabrikladi.
“O‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Saudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan, chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.
El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlar ushbu g‘alabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman”, deyiladi Prezident tabrigida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Futbol bo‘yicha o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Futbolchi va murabbiylar Toshkent shahrida tantanali kutib olinganda mamlakat bosh vaziri va sport hukumati tomonidan medallar bilan taqdirlandi.
Prezident Farmoniga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Murodbek o‘g‘li Ismoilov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, barcha futbolchilarga “Kelajak bunyodkori” medali topshirildi.
Jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilovga Prezident sovg‘asi Equinox avtomobili, futbolchilarga esa Cobalt avtomobili kalitlari topshirildi.
Osiyo chempionlarini kutib olish jarayonidan batafsil reportajni siz QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzudan uzoqlashmaymiz.
FIFA rasmiy sahifasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida porlagan 6 nafar futbolchi haqida maqola chop etdi.
Mazkur maqolada Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan terma jamoalarning 6 nafar futbolchisi va ularning natijalari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu futbolchilar ichida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi hujumchisi, musobaqa to‘purari Asilbek Aliyev ham bor.
“Asilbek Aliyev. Hujumchi, 15 yosh. Bu yosh iste’dod O‘zbekistonning chempionlikni qo‘lga kiritishidagi asosiy omillardan biri bo‘ldi. Aliyev chorak finalga qadar dastlabki 4 ta o‘yinda 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 15 yoshidayoq yuqori hujumchilik instinktni namoyish etdi. Markaziy Osiyoning kelajagi sifatida qaralayotgan futbolchi Saudiya Arabistonida o‘tgan musobaqa to‘purari bo‘ldi”, deyiladi maqolada.
Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finalida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining ikki a’zosi Nurbek Sarsenbayev va Miraziz Abdukarimov noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatining dastlabki o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda OFKda faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik mutaxassis Alisher Nikibmayev ma’lum qildi.
Nikimbayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zolari finalda olgan qizil kartochkalari Jahon chempionatiga ta’sir qilishi mumkin. FIFA intizomiy kodeksiga ko‘ra, chetlatilish ortidan olingan diskvalifikatsiya keyingi musobaqaga o‘tkaziladi. Bu holatda futbolchilar Jahon chempionatiga qadar o‘z yosh toifasidagi boshqa musobaqada ishtirok etmasa, diskvalifikatsiya mundialdagi ishtirokiga ta’sir qiladi. O‘tkazib yuboradigan o‘yinlar soni OFK tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan belgilanishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi chempionlik bilan birga Jahon chempionatiga ham yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ushbu turnir joriy yilning 3 noyabridan 27 noyabriga qadar Qatar maydonlarida o‘tkaziladi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr