Husanov “Real”ga qarshi o‘ynaydi

Sport

Ortda qolayotgan hafta tom ma’noda xorijda to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar uchun muhim va ahamiyatli bo‘ldi. Hamon Abduqodir Husanov bilan bog‘liq har bir holat, u haqidagi qisqa fikrlar ham keng muhokama qilinmoqda. Barcha futbol ishqibozlari Husanov atrofidagi voqealarni diqqat bilan kuzatib turgan bir davrda Eldor Shomurodov “Roma” safida gol urib, borligini eslatib qo‘ydi. Boshqa bir o‘zbekistonlik futbolchi esa Yevropaning nomdor jamoalaridan biriga o‘tishga yaqin turibdi. Tugayotgan hafta sportiga oid trenddagi mavzular bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Gvardiola Husanovni maydonga tushirish xato qaror bo‘lganini aytdi

“Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya chempionati 23-turi doirasidagi “Chelsi” bilan o‘yinda o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni asosiy tarkibda maydonga tushirish noto‘g‘ri qaror bo‘lganini tan oldi. Bu haqda u klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida aytdi. 

“U yangi mamlakatga kelgan. Jamoadoshlari bilan ko‘p muloqot qilmasdan, mashg‘ulotlarsiz, talablarni to‘liq bilmagan holda Angliya chempionatida "Chelsi"ga qarshi o‘ynash oson ish emas. Bunday holatda debyut qilish oson ish emas. Husanovning qanday vaziyatga tushganini tasavvur qilish qiyin”, deydi Gvardiola.

Qayd etish joiz, “Chelsi”ga qarshi o‘yinda 20 yoshli futbolchi 52 daqiqa maydonda harakat qildi. U uchrashuvning boshida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bundan raqiblar unumli foydalanib, gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Abduqodir yaxshi yigitga o‘xshaydi – Yoshko Gvardiol

“Manchester Siti”ning xorvatiyalik futbolchisi Yoshko Gvardiol 29 yanvar kuni Yevropa Chempionlar ligasi 8-turi doirasidagi “Bryugge”ga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘zbekistonlik jamoadoshi Abduqodir Husanov haqida fikr bildirdi. 

“Abduqodir yaxshi yigitga o‘xshaydi. O‘tgan o‘yinda yomon o‘ynamadi. Angliya chempionatida “Chelsi”ga qarshi o‘yinda debyut qilish oson emas. U hali yosh, biz unga har qanday yordamga tayyormiz. Abduqodir men yoki boshqa tajribali o‘yinchilardan yordam olishi mumkin, uni doim qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Gvardiol.

Qayd etish joiz, APL 23-turi doirasida 20 yoshli Husanov “Chelsi”ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushib, 52-daqiqada zaxiraga olindi. U o‘yin boshidagi xatolari bilan muxlislar yodida qoldi, biroq bir qancha epizodlar ishonchli harakatlari bilan ham ajralib turdi.

O‘zbekistonlik futbolchi Portugaliyaning yetakchi klubiga o‘tishi mumkin

Vladikavkazning “Alaniya” klubining 22 yoshli o‘zbekistonlik hujumchisi Husayn Norchayev faoliyatini Portugaliyada davom ettirishi mumkin. Bu haqda “Metaratings” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi xizmatlariga Portugaliyaning “Braga” klubi qiziqish bildirmoqda. Norchayev tibbiy ko‘rikdan o‘tish oldidan Portugaliya vizasi bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborgan.

Ma’lumot uchun, Husayn Norchayev 2023 yilning fevral oyida Qarshining “Nasaf” klubidan “Alaniya”ga ko‘chib o‘tgandi. Transfer summasi 300 ming yevroni tashkil qildi. Norchayev o‘tgan yilning dekabrigacha Farg‘onaning “Neftchi” klubida ijara asosida o‘ynadi. O‘zbekiston Superligasida esa 15 ta o‘yinda 4 ta gol urib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Qayd etish joiz, “Alaniya” rahbariyati jamoa xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishni rejalashtiryapti. Qolaversa, jamoaning maosh fondi 5 barobar kamayishi kerak. “Alaniya” vitse-prezidenti Danil Guriyev yaqinda klubning rivojlanish vektoridagi o‘zgarishlarni e’lon qildi. Shuning uchun ham Norchayev bilan bog‘liq takliflar klub rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqilishi tabiiy holat.

Norchayevga Portugaliya chempionati tramplin bo‘ladi – Sardor Rashidov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Husayn Norchayev faoliyatini Portugaliya chempionatida davom ettirishga yaqin. Portugaliya chempionatida to‘p tepgan o‘zbekistonlik taniqli futbolchi Sardor Rashidov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda Norchayevning “Braga”ga o‘tishi bilan bog‘liq xabarlarga munosabat bildirdi.

“Albatta, Husaynda yaxshi potensial bor, o‘zbekistonlik futbolchilar xohlagan chempionatlarida o‘ynay olishlarini isbotlab bo‘ldi. Norchayev uchun Portugaliya chempionati yaxshi tramplin bo‘la oladi. Norchayevga omad tilayman, unga ham men kabi xet-trik qilish nasib qilsin”, deydi Rashidov.

Ma’lumot uchun, 33 yoshli Rashidov 2019 yilda Portugaliyaning “Nasonal” jamoasida to‘p tepgan. Rashidov mazkur klubda jami 7 ta bahsda maydonga tushib, o‘yinlardan birida xet-trik qayd etgan. 

Husanovning “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushish ehtimoli oshdi

Angliyaning “Manchester Siti” klubi ustozi Pep Gvardiola jarohat olgan futbolchilar “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligini aytdi. Bu haqda u o‘yin oldi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Bugun, 31 yanvar kuni APL doirasidagi “Arsenal” - “Manchester Siti” o‘yin oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “shaharliklar” murabbiyi Pep Gvardiola jarohat olgan futbolchilar haqida gapirdi.

“Jarohat olgan futbolchilar to‘liqligicha tuzalmasdan turib, “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi”, dedi Gvardiola.

Ma’lumot o‘rnida, ayni damga kelib, “Manchester Siti” tarkibidagi futbolchilar orasida Ruben Diash, Natan Ake, Jeremi Doku, Rodri jarohat olgan va “Arsenal”ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. “Arsenal” - “Manchester Siti” o‘rtasidagi bahs 2 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 21:30 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Xosep Gvardiola Eldor Shomurodov Husayn Norchaev “Manchester Siti” Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing