Abduqodir Husanov transferi nega e’lon qilinmayapti?
Tahlil
−
18 yanvar
12799Tan olish kerak, 2025 yilning yanvar oyida o‘zbek sporti tarixidagi eng yirik hodisalardan biri ro‘y berdi. 20 yoshli o‘zbekistonlik futbolchining dunyoning eng kuchli jamoalaridan biriga o‘tishi nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo mediasini ham portlatib yubordi va hamon Abduqodir Husanov bilan bog‘liq kichik voqeliklar ham katta muhokamalar markazida bo‘lib turdi. Bugun biz ham ortda qolayotgan haftada Husanov transferi bilan bog‘liq bir qator jihatlarga, va shuningdek, o‘zbek va jahon sportida trendda bo‘lgan mavzularga to‘xtalamiz. Husanov “Man Siti”da qaysi raqamda o‘ynashi aniq bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” klubida 45-raqam ostida to‘p tepishi kutilmoqda. Bu haqda “MCFC lads” sahifasi xabar berdi.
Bu raqamda “Manchester Siti”da italiyalik taniqli futbolchi Mario Balotelli to‘p tepgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tez orada Husanovning viza bilan bog‘liq muammolari hal bo‘lib, 20 yoshli himoyachi Angliyaga yo‘l oladi va “Man Siti” tibbiy ko‘rigidan o‘tadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchining yangi klubidagi debyuti katta ehtimol bilan Angliya chempionati doirasidagi “Chelsi”ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri keladi.
Gvardiola Husanov haqidagi savollarni javobsiz qoldirdi
“Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning jamoaga kelib qo‘shilishi haqidagi savollarga javob bermayapti.
“Shaharliklar” ustozi qishki transferlar oynasida jamoaga kelishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan Abduqodir Husanov, Omar Marmush va Vitor Reys bilan bo‘layotgan vaziyatlardan xabardor emasligini aytdi.
“Men bu futbolchilarning birortasi bilan nimalar sodir bo‘layotganini bilmayman. Ularning kelish-kelmasligi haqida aniq ma’lumotga ega emasman”, deydi Gvardiola.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abduqodir Husanovning klubga qo‘shilishi kechikayotganiga sabab, himoyachi Buyuk Britaniyaga ketish vizasi chiqishini kutyapti. “Manchester Siti” 17 yanvar kuni rasman e’lon qilishi kutilmoqda. Insayder Fabritsio Romano ham o‘z X sahifasida Husanov transferi bo‘yicha post qoldirdi.
“Transfer bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q, ish tez orada to‘liq yakuniga yetadi”, deydi Romano.
Taniqli sport jurnalisti Davron Fayziyev ham bu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Gvardioladan o‘yindan keyin ham so‘rashdi Husanov haqida. Hech narsa deya olmayman, kechayam aytgandim buni, dedi. Bu normal javob. Yo‘q, tanimayman, bu noto‘g‘ri ma’lumot demayapti. Shunchaki hali rasmiy shartnoma imzolab, klub a’zosiga aylanmagan futbolchi haqida gapirishi noto‘g‘riligini biladi. Klub rasmiy mediasiga nisbatan ham professional yondashuv”, deydi Davron Fayziyev.
“Man Siti” Husanovga raqobatchi olib kelmoqda
“Palmeyras”ning 18 yoshli braziliyalik himoyachisi Vitor Reis tez orada “Manchester Siti” futbolchisiga aylanadi. Bu haqda futbol insayderi Fabritsio Romano X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, klublar transfer bo‘yicha kelishib olgan va kelishuv yakunlanish arafasida. “Manchester Siti” Braziliya terma jamoasiga Vitor uchun 40 million yevro to‘laydi. “Shaharliklar” rahbariyati futbolchini tezroq Angliyaga kelishini xohlamoqda.
Reis markaziy himoyachi sifatida o‘ynaydi va “Palmeyras” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Umumiy hisobda, yosh himoyachi asosiy tarkibda 22 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urgan. “Transfermarkt” internet portali futbolchining bozor narxini 14 million yevroga baholagan.
Salim Abduvaliyev sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbarligidan bo‘shatildi
Xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbari Salim Abduvaliyev ishdan olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) binosida o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi.
Qayd etish joiz, Abduvaliyev joriy yil 12 yanvar kuni ozodlikka chiqarildi. Salim Abduvaliyev kasalligi tufayli Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilindi.