“Shaharlikka” aylangan Abduqodir Husanov
Tahlil
−
11 yanvar
9276Dekabrda boshlangan serial yanvar oyining birinchi qismiga kelib yakunlandi. Endi o‘zbekistonlik futbolchi dunyoning eng kuchli klublaridan birida, eng zo‘r ligada va futbol tarixidagi eng yaxshi murabbiy qo‘l ostida to‘p tepadi. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun sevimli insonga aylanib ulgurgan italiyalik mashhur insayder Fabritsio Romano 11 yanvar Toshkent vaqti bilan tungi ikkilarda orziqib kutilgan yangilikni tasdiqladi va Abduqodir Husanov APLda o‘ynaydigan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.
Assalomu alaykum. O‘zbek futboli tarixidagi mega transfer bilan bog‘liq voqealar bilan katta hayajonda o‘tgan hafta sportiga oid eng muhim voqealar bilan QALAMPIR.UZ’da Sport dayjesti.
Abduqodir Husanov “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
Romanoning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi va “shaharliklar” o‘rtasidagi shartnoma 5+1 ko‘rinishida bo‘ladi. Shuningdek, manchesterliklar Husanov uchun “Lans”ga bonuslarni hisobga olgan holda 50 million yevro to‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Lans” Abduqodir Husanovni 2023 yilda “Energetik BGU”dan 100 ming yevroga sotib olgandi. 20 yoshli futbolchi klub safida umumiy 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta assist amalga oshirdi. Futbolchini tarbiyalagan “Bunyodkor” esa 1 million yevro daromad qiladi.
Husanovning transferiga Gvardiola munosabat bildirdi
Angliyaning “Manchester Siti” klubi ustozi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov transferini tezroq yakunlashni xohlamoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
Romanoning so‘zlariga ko‘ra, “shaharliklar” murabbiyi Xosep Gvardiola Abduqodir Husanov atrofidagi jarayonlarni yakunlash va amalga oshirish uchun bu kelishuvga rozilik bergan. “Lans” va “Menchester Siti” o‘zbek markaziy himoyachisi bilan muzokaralarning yakuniy bosqichda ekanligi keltirilgan. “Manchester Siti” uchun yangi transfer bo‘lishi kutilayotgan 20 yoshli himoyachining oxirgi tafsilotlari hal bo‘lmoqda va jarayon davom etmoqda.
“Manchester Siti” Husanov transferi uchun qancha to‘lashi aniq bo‘ldi
Angliyaning “Manchester Siti” klubi “Lans”ning o‘zbekistonlik himoyachisi transferi uchun bonuslar bilan hisoblaganda 50 million yevro to‘laydi. Bu haqda futbol jurnalisti Patrik Berger X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar 5+1 ko‘rinishida shartnoma imzolaydi. Bu degani 20 yoshli o‘zbekistonlik himoyachi yangi klubida 5 yil to‘p tepadi va o‘zaro kelishuvga ko‘ra, kelishuvni keyinchalik yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov joriy mavsum Fransiya klubi safida 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golga assistentlik qildi. “Transfermarkt” himoyachining narxini 12 million yevroga baholamoqda. Futbolchining “Lans” bilan amaldagi shartnomasi esa 2027 yilning yoziga qadar tuzilgan.
“Tan olinmagan yigitlar”ni hamma tan oldi
Ortda qolayotgan hafta o‘zbekistonlik futbolchi yigitlarning media futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi shov-shuvli ishtiroki bilan ham yodda qoldi.
“King’s League” deb nomlanuvchi musobaqada ishtirok etgan “Anvonted boys” klubi futbolchilaridan tashkil topgan O‘zbekiston media terma jamoasi musobaqada 4 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat qayd etib, dunyoning eng kuchli 8 ta media jamoasidan biriga aylandi.
QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, “Anvonted boys” yigitlaridan iborat jamoani Jahon chempionatidagi ishtiroki uchun O‘zbekistondagi hech qaysi sport tashkiloti qo‘llab-quvvatlamagan. Tabiiyki, Jahon chempionatiga borib-kelish, mehmonxona va boshqa jihatlar yaxshigina xarajat keltirib chiqaradi, JCHda ishtirok etayotgan yigitlar esa barcha chiqimlarni o‘z bo‘yinlariga olib, mundialga yo‘l olgan.
Jamoa rahbari Islom Abdujabborovning aytishicha, faqatgina Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan Abdujabborovning O‘zbekistondagi to‘lovlari bilan bog‘liq ayrim muammolar bo‘yicha amaliy yordam berilgan.
Taxminan 5 oy avval QALAMPIR.UZ mazkur jamoa O‘zbekistonda ham futbol o‘ynashda muammolarga duch kelayotganini aniqlagandi.
Tushunishimiz bo‘yicha, “Tan olinmagan yigitlar”ni hali o‘zbek sport tashkilotlari tan olmayapti, shekilli.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu yigitlar Jahon chempionatida Saudiya Arabistoni va Peruni mag‘lub etdi, Germaniya, Ispaniya va Italiya terma jamoalari uddalay olmagan ishlarni uddaladi va shu tariqa o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochgan yigitlar sifatida tarixda qoldi.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar