SpaceX kompaniyasiga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish taklif qilindi  

Texnologiya

image

Bugun, 10 may kuni SpaceX kompaniyasiga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish taklifi berildi. Ushbu taklif “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro konferensiyasi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SpaceX kompaniyasi vakili Ben Mak Vilyams bilan uchrashuvda berilgan. 

Qayd etilishicha, SpaceX kompaniyasi vakili Ben Mak Vilyams O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirgan. 

O‘z navbatida, AKT vazirligi tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida kompaniya vakiliga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha takliflar berilgan. 

Shuningdek, SpaceX vakili O‘zbekkosmos agentligi bosh direktori Shuhrat Kodirov bilan ham hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. 

Xususan, SpaceX tomonidan sun’iy yo‘ldosh orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internetga ulanish uchun amalga oshirilayotgan Starlink loyihasini O‘zbekiston bozoriga kirishi muhokama qilingan. 

Muloqot yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga va hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi, deyiladi agentlik xabarida, biroq qaysi masalada hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, Starlink — bu dunyoning istalgan nuqtasida internetga keng polosali ulanishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan keyingi avlod sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i. SpaceX loyihani 2018 yilning fevral oyida ishga tushirgan. Sun’iy yo‘ldoshlarning yangi partiyalarini uchirish muntazam ravishda amalga oshiriladi, oxirgisi joriy yil 21 aprelda bo‘lib o‘tgan. 

Mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda orbitada 2,1 mingdan ortiq Starlink sun’iy yo‘ldoshlari ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

282

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing