Sovuq ob-havo yurak va o‘pka kasalliklarini kuchaytiradi
Salomatlik
−
24 yanvar 1586 2 daqiqa
O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda havo haroratining pasayishi kuzatilmoqda. Mutaxassislar bunday ob-havo sharoiti ayrim surunkali kasalliklar xurujining kuchayishiga sabab bo‘lishini ma’lum qildi.
Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Akmal Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, sovuq kunlarda eng avvalo yurak-qon tomir kasalliklari faollashadi. Past harorat ta’sirida organizm issiqlikni saqlab qolish uchun qon tomirlarini toraytiradi, bu esa qon bosimining oshishiga olib keladi. Oqibatda gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, stenokardiya, insult va infarktdan keyingi holatda bo‘lgan bemorlarda ahvol og‘irlashishi mumkin.
“Sovuq kunlarda, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari bor bemorlar o‘z sog‘lig‘iga yanada e’tiborli bo‘lishlari kerak. Bunday paytda organizm issiqlikni saqlab qolish uchun qon tomirlarini toraytiradi. Oqibatda qon bosimi oshishi kuzatiladi”, deydi mutaxassis.
Shuningdek, qish mavsumida kamroq suv ichish qonning quyuqlashishiga sabab bo‘ladi. Jismoniy faollikning pasayishi, tuzli va yog‘li ovqatlarning ko‘p iste’mol qilinishi hamda D vitamini yetishmovchiligi qon tomirlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassis bronx va o‘pka kasalliklari, xususan, bronxial astma bilan og‘rigan bemorlarda ham sovuq faslda kasallik xurujlari ko‘payishini ta’kidlagan.
“Bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart”, deydi u.
Bundan tashqari, qattiq sovuq havo teri va buyrak kasalliklari bor bemorlarning umumiy holati yomonlashishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan mutaxassislar ko‘chaga chiqishda qalin va mavsumga mos kiyinishni tavsiya etmoqda. Ayniqsa, bosh miyani qon bilan ta’minlovchi yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish muhim hisoblanadi.
Sovuq ob-havoda alkogol va tamaki iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqlarning tez muzlashiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, qish mavsumida ertalab nonushta qilish muhim ahamiyatga ega. Och qolish tananing tez muzlashiga va immunitetning pasayishiga sabab bo‘ladi.
Live
Barchasi