Sovuqdan qaltirayotgan uylar: Yangi O‘zbekiston qishga tayyormi? 

Jamiyat

image

Bu yil sovuq erta kirib keldi. Odatda kuz-qish mavsumi eshik taqillatganda qishloqlarda yashaydiganlar gaz pasayib yoki butkul yo‘qolib, elektr energiyasi kunda bir necha soat berilishiga tayyorgarlikni boshlab, o‘tin, ko‘mir g‘amlaydi, tappining taxini buzadi. 

Qishloqqa yarasha bo‘lmasa-da shaharda yashaydiganlarning ham o‘ziga yarasha dard-hasrati bor. Ayniqsa, ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar qirovli kunlarda ham uyi isimasligi, tomidan chakka o‘tishidan noliydi. Birinchi qavatdagilar esa zahdan aziyat chekadi. Bu eski O‘zbekistondan Yangi O‘zbekistonga meros qolgan holatlar. 

Xo‘sh, bu yil qish mavsumini qanday qarshilaymiz? Savolga javob topmasdanoq, etim junjukyapti. Joriy yilning 6 oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining issiqqina zalida bo‘lib o‘tgan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokidagi Matbuot anjumanida yuqoridagi kabi savollarga javob berildi. 

Anjumanda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev moliyaviy ko‘mak maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga maxsus jamg‘arma ochish uchun ruxsat bergan. Moliya vazirligi unga 2021 yil uchun 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratmoqda. Ushbu jamg‘arma mablag‘lari ko‘p qavatli uylarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Xususan, har bir xonadon egasi to‘laydigan majburiy badallarning 30 foizi jamg‘arma hisobiga o‘tkaziladi. Qolgan 70 foizi esa davlat byudjetidan ajratiladi.

“Ko‘p kvartirali uylardan chakka o‘tmasligi, yer to‘lalardagi har xil nosozliklarni bartaraf etish, uy yo‘laklarini ta’mirlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Vazirlik tizimida ishlayotgan 32 mingdan ziyod xodimimiz ushbu muammolarni bartaraf etish uchun safarbar etilgan”, deydi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov.

Vazirlikning Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Abdunazar Erdonov ko‘p qavatli uylarning ta’mirlash bo‘yicha ham ma’lumot berdi. U ko‘p qavatli uylarning chakka o‘tayotgan tomini yopib berishda ushbu uylarda yashaydigan fuqarolarning soliqlardan qarzdorligi inobatga olinmasligini, qaysidir fuqaroning qarzi uchun butun boshli uy egalari aziyat chekmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Shirkatning murojaatchi yoki uning qo‘shnisining qarzdorligi sabab tomni yopib bermasligi haqidagi e’tirozi noto‘g‘ri. Nimagaki, tom umumiy foydalanishdagi mulk hisoblanadi. Bir inson yoki fuqaroning soliqlarni vaqtida to‘lamagani tomni yopib bermaslikka vaj bo‘la olmaydi. Joriy yilning oktyabr oyiga qadar bizga 7 mingdan oshiq, aynan tomdan chakka o‘tishiga qaramasdan uni vaqtida yopib berilmasligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushdi. Kimdir agar shunday holga tushib qolsa, bemalol bizga murojaat qilishi mumkin. Qarzlar sud tomonidan ham undirib olinaveradi. Bu sabab fuqarolar aziyat chekmasligi kerak”, deydi Abdunazar Erdonov.

Ma’lumot o‘rnida, Respublika miqyosida ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan 1 227 ta ko‘p kvartirali uylar, 54 804 ta xonadon, 14 ta ijtimoiy soha ob’ektlari qamrab olingan va ularga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilda respublika byudjetidan ko‘p kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash uchun 60 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirish hisobiga ishlar amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

172

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing