Solixon domla ishdan bo‘shatildi

Jamiyat

image
Ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan, Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Mahkamovich Ortiqxo‘jayev ishdan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
 
Qayd etilishicha, Solixon domlaning internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan. 
 
"Darhaqiqat, ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillarining ijtimoiy tarmoq yoki ma’raka-marosimlarda masalani chuqur o‘rganmay, voqelikni hisobga olmay, urf-odat, qonun-qoidalarga e’tibor qilmay go‘yoki fatvo sifatida aytayotgan gaplari, halol-haromga ajratayotganlari yoki fosiq-kofirga chiqarayotganlari O‘zbekiston musulmonlari idorasini xavotirga solmoqda. Bunday o‘ylanmagan chiqishlar jamiyatda muayayn savollarni, ayniqsa, ziyolilar qatlamlarida turli fikr-mulohazalarni keltirib chiqarmoqda", deyiladi xabarda.
 
Ta’kidlanishicha, ilmga ega bo‘lmay yoki masalani chuqur tahlil etmay, manbalarga tayanmay aytilgan har qanday gap, hatto uni ahli ilm aytgan bo‘lsa ham, fatvo hisoblanmaydi hamda shar’iy kuchga ega emas.
 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimi vakillarining Islom dini ta’limotlarini jamiyatni birlashtirish yo‘lida emas, aksincha keskinlik keltirib chiqarishga sabab bo‘ladigan shaklda bayon qilishlari, aholi orasida noxush bahs-munozaralarga sabab bo‘lishining oldini olish uchun o‘zini mas’ul hisoblaydi.
 
"Qayd etish lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan", deyiladi xabarda.
 
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2021 yil 30 noyabr kuni chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan ma’lumot e’lon qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy chora ko‘rilishi qayd etilgan.
 
"Ta’kidlash joizki, Solixon domla Ortiqxo‘jayev aholi, ayniqsa, Toshkent viloyati musulmonlari orasida hurmat-ehtiromga ega bo‘lgani e’tiborga olingan holda, 2021 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimiga imom noibi vazifasiga rasman ishga qabul qilingan edi. Mazkur imom noibi xalqimizning diniy ehtiyojlarini qondirishga, taqvo, ilm-ma’rifat, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sunnat bo‘lgan islomiy odob-axloq bilan samarali xizmat qiladi, deb umid qilingan edi. Taassufki, o‘tgan davr davomida Diniy idora Solixon domla Ortiqxo‘jayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan to‘y-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda to‘laqonli ishlagani yo‘q", deyiladi xabarda. 
 
Matbuot xizmatiga ko‘ra, eng asosiysi, Solixon domla O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, ma’ruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi. O‘tgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan.
 
Solixon domla 2021 yilda o‘zining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
 
"Afsuski, Solixon domlaning so‘nggi vaqtlardagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzalari uning yuqorida qayd etilgan ogohlantirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaganidan dalolat bermoqda", deyiladi xabarda.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3707

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing